O‘zbekistonda ta’lim va kasbiy malakalar tizimini rivojlantirish, uni xalqaro andozalarga moslashtirish yo‘lida muhim hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu ma’noda, Yevropa Ta’lim Fondi (ETF) ва Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv o‘ziga xos muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur muloqotda Yevropa Ta’lim Fondi (ETF) vakili E. Jansova, Institut direktori A. Allabergenov hamda mas’ul xodimlar ishtirok etib, hamkorlik istiqbollari, amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro tajribalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda, eng avvalo, DARYA loyihasining 2-moduli doirasida milliy va mamlakatlararo kasbiy standartlarni ishlab chiqishda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi rejalar xususida so‘z yuritildi.
Yevropa Ta’lim Fondi (ETF) vakili o‘z nutqida Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutining so‘nggi vaqtdagi izchil harakatlarini yuksak baholab, keng ko‘lamli islohotlar xalqaro maydonda ham e’tirof etilishini ta’kidladi. Xususan, ETF Institut bilan o‘z hamkorligini yanada mustahkamlashi, islohotlarni amaliyotga tatbiq etishda xalqaro ekspertlarni jalb etish va bu borada qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Suhbat yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikning yuksak samara berishi, ta’lim va malaka tizimini yanada takomillashtirishda yangi imkoniyatlar ochilishi, 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun birgalikdagi harakatlarning muhimligini alohida qayd etdilar.
Mazkur uchrashuv nafaqat xalqaro muloqotning yangi bosqichi, balki O‘zbekiston – ta’lim va kasbiy malaka sohasida global islohotlarga dadil qadam qo‘yayotganining yorqin dalilidir.

Izoh qoldiring