Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi, Turizm qo‘mitasi hamda “HELVETAS Swiss Intercooperation” bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda kasbiy ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” VET4UZ loyihasi doirasida “Kelajak uchun ko‘nikmalari: kasbiy ta’limda samaradorlikka erishish bo‘yicha strategiyalar” mavzusidagi xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida o‘tkazilgan ushbu tadbirda davlat boshqaruvi organlari, kasbiy ta’lim tashkilotlari va ish beruvchilar vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida kasbiy ta’lim boshqaruvi, kasbiy ta’limda sifatni oshirish, dual ta’limda davlat-xususiy sherikchilik va pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish kabi bir qator mavzularda yalpi hamda sho‘balar tashkil qilingan holda davlat va xususiy sektor vakillari o‘rtasida muloqotlar tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida bir guruh xalqaro ekspertlar hamda tashkilot rahbarlari qatorida “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi direktori A.Xudaykulov ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, kasbiy ta’limning mamlakat iqtisodiyoti uchun muhimligi va tizimda xalqaro tajribalar asosida samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish lozimligi to‘g‘risida bir qator tahlil hamda takliflarni aytgan holda, kasbiy ta’lim sohasida strategik islohotlarni muhokama qilishga qaratilgan masalalarga alohida to‘xtilib o‘tdi.
Shuningdek, “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi guruh rahbari N.Ergashev sho‘ba yig‘ilishida “Dual ta’lim/kasbiy ta’limda davlat-xususiy sherikchilik tamoyili» bo‘yicha o’z taqdimoti bilan ishtirok etdi.
Tadbirda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti xodimlari ishtirok etib, kasbiy ta’lim dasturlarini ishlab chiqishda ish beruvchilar talablari asosida kasbiy standartlarni yaratish va malakalarni baholashga oid masalalarda o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Anjuman ishtirokchilari tadbir davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olgan holda, kasbiy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar va rejalar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.