O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) – O‘zbekiston: hamkorlikning yangi yo‘nalishi” mavzusida biznes-muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov global iqtisodiy jarayonlar tubdan o‘zgarib borayotgan bir paytda YOII mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirish O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Muloqotda YOII ishbilarmon doiralari vakillari — Rossiya Sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi vise-prezidenti Sergey Krasilnikov hamda YOII Ishbilarmonlar kengashi qo‘mitasi raisi Vladimir Salamatov ishtirok etib, sanoat kooperatsiyasi, o‘zaro savdo hajmini oshirish, innovatsiyalarni joriy etish va ta’lim sohasidagi qo‘shma tashabbuslar borasida fikr bildirdilar.
Biznes-muloqotda tomonlar iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kadrlar malakasini oshirish va texnologiyalar almashinuviga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbir doirasida muhim kelishuv — O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi» loyiha ofisi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti hamda Rossiyaning Milliy malakalarni rivojlantirish agentligi o‘rtasida anglashuv memorandumi (https://t.me/uzchamber) imzolandi. Ushbu hujjat kasbiy malakalarni o‘zaro tan olish, ta’lim tizimlarini uyg‘unlashtirish va mehnat bozorida kasbiy mobillikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi muloqotni ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim platforma sifatida baholadi.