Ishonch telefoni +99855 516-54-53 (0)

Milliy malaka tizimi «MMT»

Milliy malaka tizimi «MMT»

Oʻzbekistonda Milliy malaka tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentyabrdagi PQ-345-son va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-iyundagi VMQ-369-son qarorlariga muvofiq joriy etilgan.

Milliy malaka tizimi — bu Oʻzbekiston Respublikasida mehnat bozori va taʼlim tizimi oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni taʼminlovchi, yagona milliy mexanizm hisoblanadi. U aholining iqtisodiy faol qatlamining kasbiy malaka va kompetensiyalarini taqdim etish, baholash va tan olish jarayonlarini ochiq, shaffof hamda xalqaro andozalarga muvofiq tartibga solishga xizmat qiladi.

Milliy malaka ramkasi esa mazkur tizimning asosiy tarkibiy qismi sifatida ishchi kuchining bilim va koʻnikmalarini baholash hamda tizimlashtirishning aniq mezonlarini belgilaydi. Malaka ramkasi  8 ta darajadan iborat boʻlib, har bir daraja mos ravishdagi bilim, amaliy koʻnikmalar, masʼuliyat va mustaqillik doirasini aniqlab beradi.

Milliy malaka tizimi mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish, uni sifatini oshirish, kasbiy standartlar asosida oʻquv dasturlarini yangilash va mehnat bozoridagi real talablarga mos kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Natijada tizim barcha manfaatdor tomonlar — taʼlim muassasalari, ish beruvchilar va shaxslar uchun umumiy malaka standartlari va tushunchalari maydonini yaratadi hamda milliy kvalifikatsiyalarning xalqaro darajada tan olinishiga zamin yaratadi.

Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti mazkur tizimning tashkiliy-metodik jihatdan taʼminlab, regulyator sifatida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifalariga kasbiy standartlarni ishlab chiqish, malaka ramkalari va baholash instrumentlarini tayyorlash, noformal va informal taʼlim natijalarini validatsiya qilish (RPL) jarayonlarini muvofiqlashtirish, malakani baholash markazlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, tizimni raqamlashtirish hamda takomillashtirib borish kiradi.

Milliy malakalar ramkasi

Oʻzbekiston Respublikasining milliy malakalar ramkasi – mehnat bozori hamda taʼlim tizimini bogʻlovchi vosita boʻlib, malaka darajalarining umumlashtirilgan tavsifi va ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida erishishning asosiy yoʻllarini belgilaydi.

Milliy malakalar ramkasi Oʻzbekiston Respublikasi milliy malaka tizimining tarkibiy qismi boʻlib, oʻqitish natijalarini milliy baholash tizimini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.

Milliy malakalar ramkasi tarmoq malaka ramkalarini, kasbiy standartlar va taʼlim dasturlarini hamda milliy va xalqaro darajadagi taʼlimning barcha darajalari uchun malakalarga erishish va tan olish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

 Milliy malakalar ramkasini joriy qilish quyidagilar uchun imkon yaratadi:

– kasbiy standartlar va taʼlim dasturlarini yagona uslubiy asosda ishlab chiqish;

– oʻqitish natijalari, malaka va kompetensiyalarga qoʻyiladigan talablarni yagona nuqtayi nazardan tavsiflash;

– ishga qabul qilish, xodimlarni tashkilot ichida va tashkilotlararo vertikal va gorizontal harakatlantirish jarayonida malaka talablarini belgilash;

– baholash vositalarini va taʼlimning barcha bosqichlaridagi bitiruvchilar malakasini aniqlash tartibini ishlab chiqish;

– mehnat bozori va taʼlim tizimini rivojlantirishning umumiy strategiyasini shakllantirish, shu jumladan, muayyan malaka olishga, malaka darajasini oshirishga va martaba oʻsishiga olib keladigan turli taʼlim trayektoriyalarini rejalashtirish. 

Milliy malakalar ramkasi darajalari

Milliy malakalar ramkasi Yevropa malakalar ramkasiga va Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq boʻlgan sakkizta malaka darajasini, shuningdek, mos malakalar darajalariga erishishning asosiy yoʻllarini oʻz ichiga oladi.

Milliy malakalar ramkasidagi koʻrsatkichlar tavsifi:

– “bilimlar” koʻrsatkichi kasbiy faoliyatda foydalaniladigan bilimlarga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi hamda quyidagilar bilan ifodalanadi:

  • foydalanilayotgan axborotning hajmi va murakkabligi;
  • qoʻllanayotgan bilimlarning innovatsiyaviyligi
  • nazariy va amaliy bilimlar nisbati;

– “koʻnikma (mahorat) koʻrsatkichi koʻnikmalarga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi hamda quyidagilar bilan ifodalanadi:

  • kasbiy vazifalarni hal qilish yoʻllarining xilma-xilligi (variativligi);
  • kasbiy vazifalarni hal qilish yoʻllarini tanlash yoki ishlab chiqish zarurati;

– “masʼuliyat va mustaqillik” koʻrsatkichi xodimning umumiy kompetensiyasini belgilaydi hamda quyidagilar bilan ifodalanadi:

  • rahbarlik ostidagi faoliyat;
  • mustaqil ijro intizomi;
  • rahbarlik faoliyati;
  • faoliyat koʻlami — vakolat va masʼuliyatning kengligi, javobgarlik, kasbiy faoliyatdagi ehtimoliy xatoning oqibatlari;

   Malaka darajasiga erishish yoʻllari

  • umumiy oʻrta taʼlim;
  • kasbga oʻqitish;
  • norasmiy va informal orttirilgan koʻnikma va malakalarni tan olish (“Recognition of Prior Learning”);
  • kasbiy taʼlim;
  • bakalavriat;
  • yuqori darajadagi qoʻshimcha taʼlim (internatura, ordinatura, biznes boshqaruvi, davlat boshqaruvi va boshqa xalqaro tan olingan taʼlim);
  • magistratura yoki ilmiy unvon olishga yoʻnaltirilgan oliy taʼlimdan keyingi taʼlim;
  • doktorantura (PhD, DSc), unga tenglashtirilgan va undan yuqori boʻlgan xorijiy davlatlar ilmiy darajalari.