“Milliy malaka tizimini rivojlantirishning joriy holati va istiqbolli vazifalar” mavzusidagi I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti, YUNESKO va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorligida “Milliy malaka tizimini rivojlantirishning joriy holati va istiqbolli vazifalar” mavzusidagi I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda xalqaro ekspertlar, Tarmoq kengashi vakillari, milliy malaka tizmini rivojlantirishga mas’ul xodimlar hamda OAV ishtirok etishdi. Konferensiyaning asosiy shiori sifatida “Hayot davomida ta’lim – milliy malaka tizimining asosidir” tamoyili ilgari surilgan ushbu Xalqaro uchrashuvda, shaxsning butun umr mobaynida ta’lim va malaka orqali rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli yondashuv o‘z ifodasini topadi. Keng qamrovli ushbu ilmiy-amaliy konferensiyaga YUNESKO, Helvetas, GIZ, ETF, DVV International, KOICA, ADB, World Bank kabi xalqaro tashkilotlardan bir qator malakali ekspertlar tashrif buyurishdi.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adham Xudaykulov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Professional ta’lim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i O‘tkir Alijonov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasining hamkorlik bo‘limi dastur menejeri Jana Kurpisa, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadilar ochib berdi va o‘z nutqlarida bugungi kunning dolzarb mavzusi bo‘lgan mehnat bozori hamda undagi munosabatlar tahlili, talqini, shuningdek, xalqaro tajribalar xususida so‘z yuritdilar.
Konferensiya doirasida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori Anvar Allabergenov “O‘zbekistonda milliy malaka tizimining joriy holati va rivojlanish istiqbollari”, YUNESKO eksperti Jean-Marc Castejon “Hayot davomida ta’lim istiqbollariga asoslangan malaka tizimi sifatini ta’minlash”, GIZ Eksperti (Germaniya) Natalya Grekova “Oldingi o‘rganishlarni tan olishda Germaniya tajribasi”, ETH Zurich eksperti (Shveysariya) Michelle Augustine Palayil “Shveysariya milliy malaka tizimi”, Yevropa ta’lim fondi (ETF) vakili Nadejda Solodyankina “Norasmiy va noan’anaviy ta’lim natijalarini tan olish bo‘yicha Yevropa tajribasi” kabi mavzularda o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etib, bugungi globallashuv sharoitida to‘laqonli faoliyat ko‘rsatadigan milliy malaka tizimini tashkil etishning ilmiy asoslari, uning huquqiy, institusional va uslubiy asoslariga e’tibor qaratish zarurligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, sifatni ta’minlash, mehnat bozorining zamonaviy tendensiyalarini aniqlash, ko‘nikmalarni bashorat qilish, raqamli texnologiyalardan foydalanish, keksa yoshdagi shaxslarni o‘qitish va tarbiyalash, hayot davomida ta’limning barcha shakllari (rasmiy, norasmiy) dan olingan ta’lim natijalarini tan olishni izchil yo‘lga qo‘yish, bu borada xalqaro usul hamda texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha aniq tavsiyalar, innovasion yechimlar taklif etildi. Taqdimotlar davomida ishtirokchilar milliy malaka tizimini barqaror rivojlanishni ta’minlash, bandlikka ko‘maklashish, ta’lim sifati va mehnat resurslari raqobatbardoshligini oshirish vositasi sifatida takomillashtirishning strategik ahamiyatini tasdiqladilar.
Kunning ikkinchi qismida konferensiya doirasida quyidagi yo‘nalishlarda ish shoʻbalari tashkil etildi:
1. Hayot davomida ta’lim – milliy malaka tizimining asosidir.
2. Milliy malaka tizimi doirasida sifatni ta’minlashning milliy va xalqaro tendensiyalari.
3. Milliy malaka tizimini rivojlantirishning huquqiy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish.
4. Milliy malaka tizimiga jalb qilingan manfaatdor tomonlarning salohiyatini oshirish.
Konferensiyaning ilmiy yo‘nalishlari doirasidagi muhokamalar natijalariga ko‘ra:
– Xayot davomida ta’lim olish konsepsiyasiga sodiqlik, shu jumladan, uzluksiz ta’lim mexanizmlarini ishlab chiqish, ta’lim yo‘nalishlarining qulayligi va moslashuvchanligini oshirish, shuningdek, kattalar ta’limi hamda qayta tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash orqali tasdiqlandi;
– Xalqaro tashabbuslarda faol ishtirok etish, milliy malaka asoslarini xalqaro standartlarga moslashtirish va transmilliy tan olish mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligiga e’tibor qaratilib, malakalarni xalqaro muvofiqlashtirish va ularni o‘zaro e’tirof etish muhimligi qayd etildi;
– Me’yoriy-huquqiy bazani, uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishni va norasmiy va informal ta’lim natijalarini baholash va tan olishning shaffof tartiblarini yaratishni talab qiladigan oldingi ta’limni (RPL) tan olish mexanizmlarini joriy etish qo‘llab-quvvatlandi;
– Milliy malaka tizimining institusional va normativ-huquqiy bazasini mustahkamlash, shu jumladan muvofiqlashtiruvchi tuzilmalarni rivojlantirish, ularning boshqaruv va tahliliy salohiyatini oshirish, barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning samarali modelini shakllantirish bo‘yicha majburiyat olindi;
– Kasbiy standartlarni ishlab chiqish, malaka baholash tartib-taomillarida ishtirok etish va mehnat bozori talablariga javob beradigan ta’lim dasturlarini shakllantirishda ishtirok etishni kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan holda, xususiy sektor va ish beruvchilarning malaka tizimini rivojlantirishning asosiy ishtirokchilari sifatidagi muhim roli e’tirof etildi;
– Baholash va o‘qitish jarayonlariga innovasion va raqamli yechimlarni faol tatbiq etish, jumladan, ta’lim va malaka jarayonlarining samaradorligi, shaffofligi va qulayligini oshirish maqsadida raqamli platformalar, elektron portfellar, masofaviy test tizimlari va sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Konferensiya ishtirokchilari Milliy malaka tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish, shuningdek, milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ushbu xalqaro konferensiya milliy malaka tizimi rivoji uchun muhim platforma bo‘lib, global tajribalar bilan almashish, xalqaro standartlarga muvofiqlashish, hamda O‘zbekistonning inson kapitali salohiyatini yanada oshirishda muhim qadam hisoblanadi.

Loading

Scroll to Top