I. Umumiy qoidalar
- Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti xodimlarining odob-axloq qoidalari (keyingi oʻrinlarda “Qoidalar” deb yuritiladi) xodimlarning egallab turgan lavozimidan qatʼiy nazar kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubining asosiy qoidalari yigʻindisidan iborat.
- Qoidalar davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga boʻlgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid boʻlgan xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan.
- Xodimning Qoidalarga amal qilish majburiyati Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutiga ishga qabul qilingan kundan boshlab kelib chiqadi.
Ishga kirayotgan shaxslar Qoidalar bilan imzo qoʻydirgan holda tanishtiriladilar.
- Xodimlar barcha qonunchilik hujjatlari va Qoidalar talablariga rioya etishlari shart. Qoidalarga rioya etish xodimlarning kasbiy foliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.
Qoidalarga rioya qilinishi holati ularni kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash va rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.
II.Xodimlarning xizmatdagi xulq-atvorining asosiy prinsiplari va qoidalari
- Xodimlar oʻz kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishlari kerak:
- vatanga sadoqat va xizmat vazifasiga fidoyilik, yuklangan funksional vazifalarini toʻliq bajarish, ijro intizomiga qatʼiy rioya etish;
- fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
- davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;
- adolatlilik, halollik va xolislik;
- korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda boʻlish va qarshi kurashish;
- xizmat sirini qatʼiy saqlash;
- mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilmaslik;
- manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik.
- Xodimlar mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda xulqatvorning quyidagi umumiy qoidalariga amal qilishi lozim:
- davlat xizmatining obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan xattiharakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish;
- masʼuliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish;
- murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga koʻmaklashish;
- xushmuomalalik, eʼtiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uygʻotish;
- oilasida sogʻlom muhitni taʼminlab, oila aʼzolariga doimiy gʻamxoʻr boʻlish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish;
- fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qatʼi nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda boʻlish;
- jamiyatda axloqning umumeʼtirof etilgan qoidalariga amal qilish.
III. Xodimlarning kasbiy madaniyatga oid umumiy odob-axloq qoidalari
- Xodimlar:
- fuqarolarning jinsi, irqi, millati, fuqaroligi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei kamsitilishiga olib keluvchi taʼsir choralari va harakatlar (harakatsizlik)ga yoʻl qoʻymasligi;
- halol, adolatli va kamtar boʻlishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilishi;
- jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda qonuniylikni, adolatlilikni va shaffoflikni taʼminlashi;
- davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazuvchi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini pasaytiradigan harakatlar (harakatsizlik)dan tiyilishi;
- oʻzining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini koʻrishi, tanqid uchun taʼqibga yoʻl qoʻymasligi, asosli va konstruktiv tanqiddan oʻz faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yoʻlida foydalanishi;
- davlat organlari va tashkilotlari, davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarga oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda shaxsiy masalalar yuzasidan taʼsir oʻtkazmasligi;
- oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olmasligi;
- davlat mulkining but saqlanishini taʼminlashi, oʻziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi;
- xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilishi, ish vaqtidan oqilona va samarali foydalanishi;
- aholining davlat xizmatlari isteʼmolchisi sifatidagi talablariga muvofiq doimiy ravishda faoliyat sifatini oshirib borish choralarini koʻrishi;
- qonun bilan intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan huquqbuzarlik va boshqa xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi;
- kasb etikasi va ishchanlik uslubiga rioya etishi;
- siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari manfaatlari yoʻlida xizmat mavqei va imkoniyatlaridan foydalanmasligi kerak.
- Davlat xizmatchilari oʻziga boʻysunuvchi xodimlardan ular mehnat vazifasini bajarayotganda partiya nomidan siyosiy faoliyat bilan shugʻullanishni talab qilishi, siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etishga daʼvat etishi yoki majburlashiga yoʻl qoʻyilmaydi.
IV. Xodimlarning xizmat faoliyatiga oid odob-axloq qoidalari
- Xodimlar xizmat faoliyati davomida quyidagilarga majbur:
- Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga soʻzsiz rioya etishi;
- mamlakat shaʼnini eʼzozlash, davlat siyosatiga sodiq boʻlish;
- tashqi siyosat sohasida davlat manfaatlarini qatʼiy himoya qilish;
- oʻz xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuksak professional darajada bajarish, rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiisteʼmolchilikka yoʻl qoʻymaslik;
- xizmat majburiyatlarini samarali bajarish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni doimiy asosda oshirish;
- yuqori davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari hamda berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
- ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarga biron-bir shaxs, guruh yoki idoralar manfaati nuqtayi nazaridan yondashmaslik hamda ularning manfaatlari ifoda etilishiga yoʻl qoʻymaslik;
- har qanday qonunbuzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashish;
- xizmat safarlari, nazorat tadbirlari davomida mehnat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan har qanday turdagi sarf-xarajatlarni boshqa shaxslar hisobidan amalga oshirmaslik;
- davlat xizmatchilari yoki boshqa shaxslar tomonidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga undovchi murojaatlar haqida, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki tayyorgarlik koʻrilayotgan qonunbuzilishlar haqida oʻzining rahbariga zudlik bilan maʼlum qilish;
- chet el fuqarolari bilan alohida belgilangan tartibga zid ravishda bevosita yoki boshqa shaxslar orqali muloqotga kirishmaslik;
- oʻz xizmat majburiyatlarini bajarayotganda fuqarolar va boshqa shaxslarni kamsitmaslik, ularning taʼsiridan saqlanish, fuqarolar huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish;
- oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan saqlanish;
- davlat siri, qonun bilan qoʻriqlanadigan va xizmatga oid boshqa maʼlumotlarning oshkor etilmasligini taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʻrish, ulardan qonunga zid ravishda foydalanmaslik;
- axborotlarni tarqatish qoidalariga rioya qilish, Internet jahon axborot tarmogʻi va axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanishda axborot xavfsizligini taʼminlashning belgilangan tartibiga amal qilish;
- biriktirilgan xizmat kompyuteri hamda elektron tashuvchilaridagi xizmatga oid maʼlumotlarning xavfsiz saqlanishini taʼminlash va ularni boshqa shaxslarga tarqatilishining oldini olish choralarini koʻrish;
- ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan materiallarni joylashtirmaslik;
- fuqarolar va hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiruvchi maʼlumotlar, tuhmat, igʻvo va uydirmalarni tarqatmaslik;
- mehnat va ijro intizomi, ichki tartib qoidalariga, shuningdek, telefonda soʻzlashish va kiyinish madaniyatiga qatʼiy rioya etish;
- oʻziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablagʻlarga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda boʻlish;
jamoada sogʻlom maʼnaviy muhitni saqlash choralarini koʻrish; - jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda belgilangan tartibda hamda muddatlarda qonuniy, asosli va adolatli hal qilish;
- mehnat jamoasida ishchanlik muhitini shakllantirish va uni mustahkamlashga koʻmaklashishi;
- mehnat jamoasida hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatini obroʻsizlantiradigan shaxsiy va kasbiy fazilatlarini muhokama qilishdan tiyilishi kerak.
- Rahbarlar quyidagilarga majbur:
- boʻysunuvidagi davlat xizmatchilariga professionalizm, halollik, xolislik va adolatlilikda oʻrnak boʻlish;
- jamoada sogʻlom maʼnaviy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish;
- davlat xizmatchilarini qonunga xilof xatti-harakatlarni amalga oshirishga undamaslik hamda ulardan bunday harakatlarni bajarishni talab qilmaslik;
- kadrlarni mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, tanish-bilishchilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari boʻyicha tanlash, tayinlash yoki tavsiya etishga yoʻl qoʻymaslik;
- jamoada guruhbozlik va favoritizm (ayrim xodimlarni yaqin olish va qoʻllab-quvvatlash) koʻrinishlariga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning oldini olish;
- davlat xizmatchilarining faoliyatiga baho berishda qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish;
- davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiya va boshqa suiisteʼmolchiliklar sodir etilishining oldini olish choralarini koʻrish;
- boʻysunuvidagi davlat xizmatchilarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish choralarini koʻrish;
- vakolati doirasida shartnomalar tuzish, tanlovlar oʻtkazish yoki rozilik berish masalalariga xolis, adolatli va qonuniy yondashish.
- Rahbarlar boʻysunuvidagi xodimlariga qoʻpol muomalada boʻlishi, haqorat qilishi, shaxsiyatiga tegishi, ularga asossiz tanbeh berishi yoki ayblashi hamda kamsitishi mumkin emas.
V. Xodimlarning xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalari
- Xodimlar ishdan boʻsh vaqtlarida umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va ularga zid boʻlgan xulq-atvor va xatti-harakatlardan oʻzlarini tiyishlari shart.
- Xodimlar ishdan tashqari vaqtda quyidagilarga majbur:
- milliy urf-odat, qadriyat va anʼanalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish;
- dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yoʻl qoʻymaslik;
- rasmiy eʼlon qilingan maʼlumotlardan tashqari davlat xizmati faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilmaslik;
- jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa koʻngilochar maskanlarda) oʻzini tutish qoidalariga rioya etish, atrofdagilarning eʼtiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yoʻl qoʻymaslik;
- jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etmaslik, mazkur noqonuniy harakatlarga boshqalarni jalb etmaslik yoki daʼvat qilmaslik;
- xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan idora va tashkilotlar rahbar va xodimlaridan, boshqa mansabdor shaxslaridan qimmatbaho sovgʻa olmaslik;
- xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibiga qatʼiy rioya etish, ulardan xizmatga aloqador boʻlmagan holatlarda foydalanmaslik, shu jumladan, vakolatli shaxslarga xizmat guvohnomasini koʻrsatib, mavqeini suiisteʼmol qilmaslik;
- xizmat avtotransport vositalaridan xizmat faoliyatidan tashqari holatlarda shaxsiy va boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;
- ish faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni ishga aloqador boʻlmagan boshqa shaxslar ishtirokida muhokama qilmaslik;
- shaxsiy transport vositalaridan foydalanishda belgilangan tartibga amal qilish, yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya etish;
- tadbirkorlik yoki haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shugʻullanmaslik, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
- oʻzi faoliyat yuritgan davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat xizmatiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakatlardan tiyilish;
- tashqi koʻrinishini belgilangan meʼyorlar doirasida saqlash, kamtarona kiyinish, atrofdagilarning eʼtiborini oʻziga ortiqcha jalb qiladigan tarzda kiyinmaslik.
VI. Xodimlarning jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga oid odob-axloq qoidalari
- Xodimlar ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilishi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga koʻmaklashishi kerak.
- Davlat siyosati yoki davlat organlari va tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi ommaviy bayonotlar rahbar yoki mazkur yoʻnalish boʻyicha vakolatli mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
- Quyidagi hollarda ommaviy bayonot berilishi mumkin emas:
- ommaviy bayonot matni va mazmuni davlat siyosati yoki davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga aloqador boʻlmasa;
- ommaviy bayonotda keltiriladigan axborotlar davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlsa;
- ommaviy bayonot boshqa davlat organlari va tashkilotlari nufuzini pasaytirish yoki ularning mansabdor shaxslarini kamsitishga yoʻnaltirilgan boʻlsa.
- Davlat xizmatida jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida jamoatchilik tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga oid ayblov yoki tanqid bildirilgan taqdirda, davlat organlari va tashkilotlari unga nisbatan bildirilgan ayblov yoki tanqidga ommaviy izoh yoxud raddiya berishi lozim.
- Agar ommaviy bayonotda fuqarolarning shaʼni hamda qadr-qimmatini kamsitadigan iboralar boʻlsa, xodimlar oʻz fikrlarining yanglishligi yoki notoʻgʻriligini tan olishi hamda shaʼni, qadr-qimmatiga va ishchanlik obroʻsiga daxl qilingan fuqarodan, agar qonunchilik hujjatlarida boshqa oqibatlar nazarda tutilmagan boʻlsa, kechirim soʻrashi shart.
VII. Xodimlarning xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinish va kiyinish uslubiga oid odob-axloq qoidalari
- Xodimlarning xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubi fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga hurmatini, shu jumladan davlat xizmatining nufuzini oshirishga xizmat qilishi kerak.
- Xodimning tashqi koʻrinishi mehnat sharoitlari va xizmat turiga qarab, xizmat majburiyatlarini bajarishi vaqtida fuqarolarning davlat tashkilotiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishiga koʻmaklashishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq boʻlishi va rasmiylik, xolislik, kamtarlik va intizomni namoyon etishi lozim.
VIII. Manfaatlar toʻqnashuvi
- Xodimlar mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymasligi kerak.
- Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda xodimlar oʻzining rahbarini darhol xabardor qilishi shart.
Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan rahbar bu toʻqnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrishga majbur.
IX. Xodimlarning manfaatini himoya qilish
- Xodimlarni xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq tahdid, haqorat, tuhmat va qonunga xilof boshqa xatti-harakatlardan himoya qilish rahbar tomonidan amalga oshiriladi.
- Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga toʻsqinlik qilish, jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga ogʻdirishga qaratilgan murojaatlar, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki sodir etishga tayyorgarlik koʻrilayotgan qonunbuzilishlar haqida xabar bergan xodimlarni vujudga kelishi mumkin boʻlgan tahdid va xavf-xatarlardan himoya qilish choralari koʻriladi.
X. Xodimlarning odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish
- Xodimlar tomonidan Qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat Xodimlar bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassis yoki Odob-axloq komissiyalari, shuningdek maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
- Lavozimga tayinlangan xodimlar Kadrlar boʻyicha bosh mutaxassisi tomonidan mazkur Qoidalar bilan tilxat asosida imzo qoʻydirgan holda tanishtiriladi.
- Mazkur Qoidalarni buzish holatlari boʻyicha xizmat tekshiruvi rahbarning koʻrsatmasiga muvofiq Odob-axloq komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.
XI. Xodimlarning odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik
- Xodimlar tomonidan Qoidalarga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.
- Qoidalarga rioya etmaganlik uchun Odob-axloq komissiyasi tomonidan davlat xizmatchilariga quyidagi axloqiy taʼsir choralari qoʻllaniladi:
- ogohlantirish;
- uzr soʻrash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish;
- davlat organlari va tashkilotlarining kollegial yigʻilishlarida tanbeh berish.
- Odob-axloq komissiyasi xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun rahbarga taqdimnoma kiritishi mumkin.
Odob-axloq komissiyasi Qoidalar rahbar tomonidan buzilgan taqdirda, ularga nisbatan tegishli chora koʻrish masalasi yuzasidan takliflarni yuqori turuvchi davlat organi va tashkiloti rahbariga yuboradi.
- Xodimlarning Qoidalarni buzishi ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
XII. Yakuniy qoidalar
- Zarurat boʻlganda ushbu Qoidalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktorining buyrugʻiga asosan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
