Markazni akkreditatsiyadan oʻtkazishda ixtiyoriylik, xolislik va betaraflik, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, shaffoflik va ochiqlik, tenglik, axborotlarning maxfiyligi kabi tamoyillariga rioya qilinadi hamda Markazning belgilangan mezonlar, koʻrsatkichlar, talablar va standartlarga muvofiqligi rasmiy tasdiqlanadi.
Malakani baholash markazi akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti vakolatli organ hisoblanadi.
Malakani baholash markazi akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat qiladi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) elektron shaklda roʻyxatdan oʻtadi va so’rovnoma to’ldiradi.
Soʻrovnomaga quyidagilar elektron shaklda (PDF, PNG yoki JPEG formatda) ilova qilinadi:
• ariza beruvchining Markaz direktori yoki ishonchli vakil ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
• Markazning yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
• Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashining Markazni akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun tavsiya etganligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
• tegishli kasb (kvalifikatsiya) boʻyicha baholovchi ekspert sifatida jalb qilinishi rejalashtirilgan kamida uch nafar nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
• malakani mustaqil baholash rejalashtirilgan kasb (kvalifikatsiya)lar boʻyicha ishlab chiqilgan baholash vositalari.
Soʻrovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmaganda vakolatli organning koʻrsatmasiga muvofiq Akkreditatsiya guruhi Markazni joyiga chiqib yoki masofadan turib oʻrganadi. Akkreditatsiya guruhi — Markazni akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun joyiga chiqib yoki masofadan turib oʻrganuvchi malakali mutaxassislar hamda ekspertlardan iborat guruh.
Akkreditatsiya guruhi tomonidan quyidagilar oʻrganiladi:
• Markaz namunaviy tuzilma asosida tashkil etilganligi, shuningdek, zarur shart-sharoitlar hamda mebel jihozlariga ega bino va inshootlar bilan taʼminlanganligi;
• Markazning oʻz rasmiy veb-saytiga ega ekanligi, shuningdek, kasbiy imtihonlarni oʻtkazish uchun yetarli kompyuter toʻplamlarining mavjudligi;
• kasbiy imtihon jarayonlarini Markazning rasmiy veb-sayti yoki Internet jahon axborot tarmogʻi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn translyatsiya qilish va ovozli videoyozuvda qayd qilish uchun texnik imkoniyatlarning yaratilganligi;
• kasbiy imtihonlarni oʻtkazish uchun kasb (kvalifikatsiya) xususiyatidan kelib chiqqan holda, zarur texnikalar, asbob-uskunalar va boshqa jihozlarning mavjudligi;
• kasbiy imtihon oʻtkaziladigan hududning mehnatni muhofaza qilish, sanoat, texnika va yongʻin xavfsizligi, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablarga javob berishi.
Akkreditatsiya guruhi kasb (kvalifikatsiya)ning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, vakolatli organning ruxsati bilan boshqa holatlarni ham oʻrganishi mumkin.
Akkreditatsiya guruhi oʻrganish natijasi boʻyicha Markazni akkreditatsiyadan oʻtkazishning maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida uch nusxada xulosa tuzadi.
Akkreditatsiya guruhining xulosasini oʻrganish va natijasi boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish uchun yetti nafar malakali mutaxassislar hamda ekspertlardan iborat Akkreditatsiya komissiyasi tuziladi.
Akkreditatsiya komissiyasi Akkreditatsiya guruhining xulosasini besh ish kuni ichida oʻrganib chiqadi hamda quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
• Markazga akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish haqida;
• Markazga akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma berishni rad etish haqida.
Akkreditatsiya komissiyasining Markazga akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish haqidagi qarori qabul qilinganda vakolatli organ belgilangan shaklda Akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnomani rasmiylashtiradi, QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda tasdiqlaydi va Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali ariza beruvchiga yuboradi.
Ariza beruvchi Akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnomani shaxsan Davlat xizmatlari markazlariga borib yoki YIDXPdan yuklab oladi.
Akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma besh yil muddatga amal qiladi.