7-Mart, 2026-yil
Joriy yilning 7-mart kuni Germaniya Kasbiy ta’lim va tayyorgarlik federal instituti (BIBB) ekspertlarining hafta davomida amalga oshirgan tashrif sarhisobi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi (VET) tizimining hozirgi holati bo‘yicha tahlillar natijalari bo'yicha taqdimot qilindi. Tahlil natijalarida dual ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, ta’lim jarayonini ish joyidagi amaliy o‘qitish bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu tashabbuslarni O‘zbekiston Milliy malaka tizimi bilan uyg‘un holda rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Xususan, dual ta’limni joriy etishda kasbiy standartlardan foydalanish, tarmoqlarda koʻnikmalar tahlilini oʻtkazish, xususiy sektorni jalb qilish va kasbiy salohiyatni oshirish kabi tadbirlar bilan integratsiyani ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, GIZ va BIBB vakillari milliy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda dual ta’limni yanada takomillashtirish bo‘yicha rivojlanish rejasini taklif etdilar. Ushbu reja doirasida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti, Kasbiy ta’lim agentligi, Tarmoq kengashlari hamda Helvetas tashkiloti bilan yaqin hamkorlikda ishlash ko‘zda tutilmoqda. Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Axborot xizmati