Menyu

Milliy malaka tizimini rivojlantirish yo‘lida xalqaro hamkorlik

5-Noyabr, 2025-yil

Milliy malaka tizimini rivojlantirish yo‘lida xalqaro hamkorlik

2025-yilning 5-noyabr kuni Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti hamda YUNESKO hamkorligida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda YUNESKO eksperti Dana Stroie va Institut rahbariyati ishtirok etib, O‘zbekistonda milliy malaka tizimining rivojlanishi, kasbiy malakalar bo‘yicha tarmoq kengashlarining faoliyati hamda me’yoriy hujjatlarning ishlab chiqilishi haqida atroflicha fikr almashdilar.

Uchrashuv doirasida YUNESKO tashkiloti va xalqaro ekspertlari hamkorligida amalga oshirilgan qator amaliy ishlar e’tirof etildi. Shuningdek, Institut tomonidan mahalliy hamda xalqaro darajadagi seminar-treninglar va tadbirlar orqali tizimning har bir bo‘g‘inida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilganligi bayon qilindi.

Suhbat davomida tomonlar malaka tizimini takomillashtirishdagi qadamlarni yanada jadallashtirish, axborot almashinuvini kuchaytirish hamda YUNESKO bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar xususida so‘z yuritdilar.

Dana Stroie xonim o‘z nutqida O‘zbekistonda kasbiy malakalarni baholash, standartlar ishlab chiqish va mehnat bozoriga integratsiya qilish bosqichlari xalqaro tajriba bilan uyg‘un ravishda rivojlanayotganini e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mintaqadagi ilg‘or tajribalardan biri bo‘lib, YUNESKO uchun ham muhim hamkorlik yo‘nalishi hisoblanadi.

Mazkur uchrashuv YUNESKO tashkiloti bilan hamkorlikning davomi sifatida O‘zbekistonning ta’lim sifatini ta’minlash va kasbiy malakalar sohasidagi islohotlarini xalqaro maydonda yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Axborot xizmati

Powered by GSpeech