21-Yanvar, 2026-yil
Bugun Buxoro davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan tashkil etilayotgan “Umummilliy professor-o‘qituvchilar hamda talabalar so‘rovnomasi” doirasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur jarayon doirasida Buxoro davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Obidjon Xamidov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Yuldashev Baxtiyor Gayradjonovich bilan uchrashib, oliy ta’limda ta’lim sifati va ilmiy-pedagogik faoliyat uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish, shuningdek, universitetni akkreditatsiyalash masalalarini muhokama qildi. Ta’kidlanganidek, umummilliy so‘rovnoma professor-o‘qituvchilarning ta’lim jarayoni, ilmiy faoliyat va mehnat sharoitlariga oid fikrlarini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish orqali oliy ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan. Uchrashuv davomida so‘rovnoma jarayonining ochiqligi, xolisligi va samaradorligini ta’minlash, professor-o‘qituvchilarni hamda talabalarni ushbu jarayonda faol ishtirok etishga jalb etish, shuningdek, so‘rovnoma natijalari asosida universitet rahbariyati bilan tahliliy uchrashuvlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.