19-Fevral, 2026-yil
Joriy yilning 16-18-fevral kunlari Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida malakani baholash markazi direktorligiga nomzodlar uchun tashkil etilgan navbatdagi malaka oshirish kurslari muvaffaqiyatli yakunlandi. Uch kun davom etgan seminar-treningda kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari tavsiyasiga asosan 20 nafarga yaqin tinglovchi ishtirok etdi. Dastur doirasida ular milliy malaka tizimining normativ-huquqiy asoslari, malakani baholash markazlarini tashkil etish va akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi, baholash jarayonlarida shaffoflik hamda sifat nazoratini ta’minlash mexanizmlari, shuningdek, kasbiy standartlarni amaliyotga samarali joriy etish masalalari yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi. Malaka oshirish kurslari yakunida tinglovchilar o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash hamda belgilangan tartibdagi sertifikatni qo‘lga kiritish maqsadida test sinovlarini topshirdilar. Mazkur o‘quv kurslari kelgusida rahbarlik lavozimida faoliyat yuritadigan kadrlarning kasbiy kompetensiyalarini yuksaltirish, malakani baholash jarayonlarida ochiqlik, xolislik va samaradorlikni ta’minlash, shuningdek, milliy malaka tizimini izchil hamda barqaror takomillashtirishga xizmat qiladigan muhim amaliy platforma hisoblanadi. Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Axborot xizmati