20-Fevral, 2026-yil
Kitob o‘qish — bu shunchaki mashg‘ulot emas. U insonni fikrlashga, izlanishga, o‘z ustida ishlashga undaydigan, shaxsiy kamolot sari yetaklaydigan bebaho ma’naviy boylikdir. Har bir varaqlangan sahifa – yangi fikr, yangi dunyo, yangi imkoniyat demakdir.
Joriy yilning 19-20-fevral kunlari Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi va BOOK.UZ platformasi hamkorligida “Kitob – tafakkur manbai” mavzusida kitob yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti xodimlari ham faol ishtirok etib, kitobxonlik tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.
Yarmarka davomida kitob ixlosmandlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Unda:
– Barcha janrdagi nodir va qimmatli adabiyotlar;
– Yangi nashrdan chiqqan zamonaviy kitoblar;
– Bolalar uchun maxsus mo‘ljallangan adabiyotlar;
– Eng mashhur bestseller asarlar asosiy o‘rinni egalladi.Tadbirning bosh maqsadi — xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, ularning shaxsiy va intellektual rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Ayniqsa, yarmarka davomida xodimlarning bir-biriga kitob hadya qilgani tadbirga alohida samimiylik va ma’naviy qadriyat baxsh etdi. Bu jarayon kitobning nafaqat bilim manbai, balki mehr va e’tibor ifodasi ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Ikki kunlik yarmarka mobaynida mingdan ortiq kitob savdosi amalga oshirildi. Shuningdek, BOOK.UZ vakillari tomonidan Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi kutubxonasiga eng sara kitoblar sovg‘a qilinib, fond yanada boyitildi. Bu esa kelgusida xodimlarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Kitob — qalbni ochuvchi kalit, tafakkurni charxlovchi qudrat, dunyoqarashni kengaytiruvchi ma’naviy mayoqdir. “Kitob – tafakkur manbai” yarmarkasi esa ana shu mayoq sari dadil qadam tashlayotgan har bir inson uchun yorqin va unutilmas voqea bo‘ldi.
Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Axborot xizmati