Menyu

Malakani baholash jarayoniga jalb etiladigan ekspert nomzodlari uchun malaka oshirish kurslari boshlandi

23-Fevral, 2026-yil

Joriy yilning 23-fevral kuni Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida Malakani baholash jarayoniga jalb etiladigan ekspert nomzodlari uchun malaka oshirish kurslari boshlandi.

Mazkur seminar-trening kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari tomonidan tavsiya etilgan ekspertlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — milliy malaka tizimi doirasida mustaqil, shaffof va xolis baholash jarayonlarini samarali tashkil etish, baholash mezonlarini ishlab chiqish hamda ekspertlik faoliyatining huquqiy va metodik asoslarini mustahkamlashdan iborat.

Besh kunlik o‘quv dasturi doirasida quyidagi yo‘nalishlar qamrab olinadi:

— O‘zbekiston milliy malaka tizimini rivojlantirishdagi ustuvor vazifalar;

— Tarmoq malaka ramkalari hamda ularni ishlab chiqish bosqichlari;

— Kasbiy standartlarni ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish tartibi;

— Malakani baholash tizimini joriy etishning dolzarbligi va amaliy ahamiyati;

— Norasmiy va informal ta’limni tan olish mexanizmlari (RPL tizimi);

— Ishchi kasb egalari uchun malaka razryadlarini belgilash tartibi;

— Malakani baholash markazlarini tashkil etish va akkreditatsiyadan o‘tkazish prinsiplari;

— Kasbiy imtihonlar uchun baholash mezonlari va vositalarini ishlab chiqish metodikasi;

— Ekspertlik faoliyatida risklarni boshqarish hamda javobgarlik mexanizmlari;

— Xorijiy tajriba asosida sertifikatsiyadan o‘tishi majburiy bo‘lgan kasblar tahlili.

Seminar-trening davomida ishtirokchilar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar, muhokamalar va keys-stadi tahlillari orqali baholash jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha zarur kompetensiyalarni mustahkamlaydilar.

Mazkur o‘quv kurslari ekspertlarning kasbiy salohiyatini oshirish, baholash jarayonlarining sifati va ishonchliligini ta’minlash hamda milliy malaka tizimining institutsional asoslarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz: Seminar-trening joriy yilning 27-fevral kuniga qadar davom etadi.

Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Axborot xizmati

Powered by GSpeech