Menyu

Ekspert nomzodlari uchun malaka oshirish kurslari muvaffaqiyatli yakunlandi

27-Fevral, 2026-yil

Joriy yilning 27-fevra kuni Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida malakani baholash jarayoniga jalb etiladigan ekspert nomzodlari uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslari muvaffaqiyatli yakunlandi.

Besh kunlik o‘quv dasturi davomida tinglovchilar milliy malaka tizimining normativ-huquqiy asoslari, kasbiy standartlar va malaka darajalarining mazmun-mohiyati, shuningdek, baholash mezonlarini ishlab chiqish usullari bo‘yicha chuqur nazariy bilimlarga ega bo‘ldilar.

Shu bilan birga, kasbiy imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, apellyatsiya jarayonlarini samarali yo‘lga qo‘yish mexanizmlari hamda ekspertlik faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni aniqlash va boshqarish masalalari yuzasidan amaliy ko‘nikmalarni mustahkamladilar.

Mashg‘ulotlar ma’ruza, amaliy topshiriqlar, guruhli ishlar hamda loyiha taqdimotlari shaklida tashkil etildi. Tinglovchilar kasblar kesimida baholash vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha ishlarini tayyorlab, ularni ekspertlar ishtirokida asoslab, himoya qildilar.

Seminar-trening davomida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari test sinovlari hamda amaliy vazifalar orqali tizimli ravishda baholab borildi. Shuningdek, natijalarni aniqlash, tahlil qilish va belgilangan tartibda rasmiylashtirish jarayonlari bo‘yicha metodik tavsiyalar berildi.

O‘quv dasturi yakunida faol ishtirok etgan 30 ga yaqin ekspert nomzodi belgilangan tartib asosida sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Axborot xizmati

Powered by GSpeech