Xodimlarning xizmat faoliyatiga oid odob-axloq qoidalari
7. Xodimlar:
• fuqarolarning jinsi, irqi, millati, fuqaroligi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei kamsitilishiga olib keluvchi taʼsir choralari va harakatlar (harakatsizlik)ga yoʻl qoʻymasligi;
• halol, adolatli va kamtar boʻlishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilishi;
• jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda qonuniylikni, adolatlilikni va shaffoflikni taʼminlashi;
• davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazuvchi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini pasaytiradigan harakatlar (harakatsizlik)dan tiyilishi;
• oʻzining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini koʻrishi, tanqid uchun taʼqibga yoʻl qoʻymasligi, asosli va konstruktiv tanqiddan oʻz faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yoʻlida foydalanishi;
• davlat organlari va tashkilotlari, davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarga oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda shaxsiy masalalar yuzasidan taʼsir oʻtkazmasligi;
• oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olmasligi;
• davlat mulkining but saqlanishini taʼminlashi, oʻziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi;
• xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilishi, ish vaqtidan oqilona va samarali foydalanishi;
• aholining davlat xizmatlari isteʼmolchisi sifatidagi talablariga muvofiq doimiy ravishda faoliyat sifatini oshirib borish choralarini koʻrishi;
• qonun bilan intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan huquqbuzarlik va boshqa xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi;
• kasb etikasi va ishchanlik uslubiga rioya etishi;
• siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari manfaatlari yoʻlida xizmat mavqei va imkoniyatlaridan foydalanmasligi kerak.
8. Davlat xizmatchilari oʻziga boʻysunuvchi xodimlardan ular mehnat vazifasini bajarayotganda partiya nomidan siyosiy faoliyat bilan shugʻullanishni talab qilishi, siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etishga daʼvat etishi yoki majburlashiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Xodimlar xizmat faoliyati davomida quyidagilarga majbur:
• Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga soʻzsiz rioya etishi;
• mamlakat shaʼnini eʼzozlash, davlat siyosatiga sodiq boʻlish;
• tashqi siyosat sohasida davlat manfaatlarini qatʼiy himoya qilish;
• oʻz xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuksak professional darajada bajarish, rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiisteʼmolchilikka yoʻl qoʻymaslik;
• xizmat majburiyatlarini samarali bajarish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni doimiy asosda oshirish;
• yuqori davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari hamda berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
• ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarga biron-bir shaxs, guruh yoki idoralar manfaati nuqtayi nazaridan yondashmaslik hamda ularning manfaatlari ifoda etilishiga yoʻl qoʻymaslik;
• har qanday qonunbuzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashish;
• xizmat safarlari, nazorat tadbirlari davomida mehnat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan har qanday turdagi sarf-xarajatlarni boshqa shaxslar hisobidan amalga oshirmaslik;
• davlat xizmatchilari yoki boshqa shaxslar tomonidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga undovchi murojaatlar haqida, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki tayyorgarlik koʻrilayotgan qonunbuzilishlar haqida oʻzining rahbariga zudlik bilan maʼlum qilish;
• chet el fuqarolari bilan alohida belgilangan tartibga zid ravishda bevosita yoki boshqa shaxslar orqali muloqotga kirishmaslik;
• oʻz xizmat majburiyatlarini bajarayotganda fuqarolar va boshqa shaxslarni kamsitmaslik, ularning taʼsiridan saqlanish, fuqarolar huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish;
• davlat siri, qonun bilan qoʻriqlanadigan va xizmatga oid boshqa maʼlumotlarning oshkor etilmasligini taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʻrish, ulardan qonunga zid ravishda foydalanmaslik;
• axborotlarni tarqatish qoidalariga rioya qilish, Internet jahon axborot tarmogʻi va axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanishda axborot xavfsizligini taʼminlashning belgilangan tartibiga amal qilish;
• biriktirilgan xizmat kompyuteri hamda elektron tashuvchilaridagi xizmatga oid maʼlumotlarning xavfsiz saqlanishini taʼminlash va ularni boshqa shaxslarga tarqatilishining oldini olish choralarini koʻrish;
• ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan materiallarni joylashtirmaslik;
• fuqarolar va hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiruvchi maʼlumotlar, tuhmat, igʻvo va uydirmalarni tarqatmaslik;
• mehnat va ijro intizomi, ichki tartib qoidalariga, shuningdek, telefonda soʻzlashish va kiyinish madaniyatiga qatʼiy rioya etish;
• oʻziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablagʻlarga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda boʻlish;
jamoada sogʻlom maʼnaviy muhitni saqlash choralarini koʻrish;
• mehnat va ijro intizomi, ichki tartib qoidalariga, shuningdek, telefonda soʻzlashish va kiyinish madaniyatiga qatʼiy rioya etish;
• jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda belgilangan tartibda hamda muddatlarda qonuniy, asosli va adolatli hal qilish;
• mehnat jamoasida ishchanlik muhitini shakllantirish va uni mustahkamlashga koʻmaklashishi;
• mehnat jamoasida hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatini obroʻsizlantiradigan shaxsiy va kasbiy fazilatlarini muhokama qilishdan tiyilishi kerak.
10. Rahbarlar quyidagilarga majbur:
• boʻysunuvidagi davlat xizmatchilariga professionalizm, halollik, xolislik va adolatlilikda oʻrnak boʻlish;
• jamoada sogʻlom maʼnaviy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish;
• davlat xizmatchilarini qonunga xilof xatti-harakatlarni amalga oshirishga undamaslik hamda ulardan bunday harakatlarni bajarishni talab qilmaslik;
• kadrlarni mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, tanish-bilishchilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari boʻyicha tanlash, tayinlash yoki tavsiya etishga yoʻl qoʻymaslik;
• jamoada guruhbozlik va favoritizm (ayrim xodimlarni yaqin olish va qoʻllab-quvvatlash) koʻrinishlariga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning oldini olish;
• davlat xizmatchilarining faoliyatiga baho berishda qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish;
• davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiya va boshqa suiisteʼmolchiliklar sodir etilishining oldini olish choralarini koʻrish;
• boʻysunuvidagi davlat xizmatchilarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish choralarini koʻrish;
• vakolati doirasida shartnomalar tuzish, tanlovlar oʻtkazish yoki rozilik berish masalalariga xolis, adolatli va qonuniy yondashish.
11. Rahbarlar boʻysunuvidagi xodimlariga qoʻpol muomalada boʻlishi, haqorat qilishi, shaxsiyatiga tegishi, ularga asossiz tanbeh berishi yoki ayblashi hamda kamsitishi mumkin emas.