Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tomonidan Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan:
– 2024-yil 15-17-oktyabr kunlari Bishkek shahrida DARYA loyihasi doirasida “Markaziy Osiyoda ko‘nikmalar va malakalar bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik vaziyatlari” mavzusida o‘tkazilgan mintaqaviy seminarda ishtirok etildi.
– 2024-yil 5-7-noyabr kunlari Fransiyaning Lion shahrida ETF (European Training Foundation) tomonidan tashkil etilgan “Norasmiy va informal ta’limni tan olish” mavzusidagi tajriba almashish tashrifi o‘tkazildi.
– 2024-yilning 4-5-dekabr kunlari Toshkent shahrida ETF ishtirokidagi DARYA loyihasi doirasida o‘tkazilgan yuqori darajadagi guruh yig‘ilishida qatnashildi. Yig‘ilishda Markaziy Osiyo davlatlari ta’lim va mehnat vazirliklari rahbar o‘rinbosarlari, Yevropa Ittifoqi rasmiylari, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar faol ishtirok etdilar.
– Joriy yilning 14-aprelida Institut rahbariyati tomonidan Jahon banki missiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Suhbat davomida 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan «Oliy ta’limni transformatsiya qilish: samarali boshqaruv va sifatni ta’minlash» loyihasi (taxminan 110 mln. AQSH dollari) atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur tashabbusda Institut va Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining faol ishtirok etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
– 2025-yilning 22-mayida Institut va YUNESKO xalqaro tashkiloti hamkorligida “Milliy malaka tizimini rivojlantirishdagi joriy holat va istiqbolli vazifalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada 100 dan ortiq xorijiy va mahalliy ekspertlar, tarmoq kengashlari a’zolari, shuningdek, xalqaro va milliy ta’lim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida taqdim etilgan maqola va tezislar to‘plami tayyorlandi va konferensiya qatnashchilari o‘rtasida tarqatildi.
– Shveysariyaning HELVETAS kompaniyasi, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Institut hamkorligida “Kasbiy standartlar asosida natijaga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” yaratildi.
– Milliy malaka tizimini rivojlantirish doirasida Turkiya, Albaniya, Estoniya, Rossiya va Qozog‘iston davlatlarining milliy malaka tizimini rivojlantirishga mas’ul organlari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
– Yevropa ta’lim fondining DARYA loyihasi 2-moduli doirasida 3 ta mintaqaviy kasbiy standartlar ishlab chiqildi. Shu bilan birga, 3 ta milliy kasbiy standartlar loyihasi shakllantirildi va hozirda ularni validatsiya tizimini shakllantirishga qaratilgan navbatdagi loyihaga ishtirok etishga rozilik berildi.
– YUNESKO, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda Shveysariyaning HELVETAS kompaniyasi hamkorligida, VET4UZ loyihasi doirasida, Institut xodimlari va tarmoq kengashlari kotiblari uchun Albaniya, Fransiya, Estoniya hamda Yangi Zelandiya davlatlari ekspertlari ishtirokida 2025-yilning yanvar-iyul oylarida 20 ga yaqin seminar-treninglar o‘tkazildi.
– DVV International bilan hamkorlikda “Adult learning and education in Uzbekistan: current situation and development perspectives” nomli Katta yoshdagi insonlar ta’limi va tarbiyasi (ALE) tizimini uzluksiz ta’lim konsepsiyasiga integratsiya qilish bo‘yicha Milliy hisoboti tayyorlandi. Ushbu hisobot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YUNESKO bo‘yicha Milliy komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi, DVV International O‘zbekiston filiali hamda mahalliy sherik tashkilotlar mutaxassislari tomonidan, Germaniya Federal Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi (BMZ)ning moliyaviy ko‘magida tayyorlandi.
– 2026-2030-yillarda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Yashil iqtisod uchun kasbiy ta’lim modernizatsiyasi” loyihasiga Institut va Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi faoliyatini rivojlantirish yo‘nalishi alohida subkomponent sifatida kiritildi. Mazkur subkomponentni amalga oshirish uchun 1,5 mln. AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan.
– YUNESKO bilan hamkorlikda norasmiy va informal tarzda orttirilgan ko‘nikma va malakalarni tan olish — “Recognition of Prior Learning” tizimini joriy etish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun Institut hamda Malakani baholash markazlari vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi va konsepsiya ustida ishlar faol tarzda davom etmoqda.
