Menyu

Milliy malaka tizimi ishtirokchilari respublika tanlovi haqida

Nominatsiyani tanlab, har bir bo‘limda baholash mezonlari hamda tanlov nizomi bilan tanishishingiz mumkin.

Nizomni yuklab olish

Eng faol kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashi

Mazkur nominatsiya bo‘yicha baholash mezonlari quyidagilardan iborat.

Baholash mezonlari

T/r Baholash mezoni Ball Baholash darajalari
1 Mehnat bozori monitoringini amalga oshirish va malakalarga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlash 15
  • Monitoring amalga oshirilmagan — 0 ball
  • 1 marotaba — 5 ball; 2 marotaba — 10 ball
  • 2 marotaba monitoring hamda tahliliy ma’lumot va takliflar — 15 ball
2 Tarmoq malaka ramkalarini ishlab chiqish, joriy etish va takomillashtirish 15
  • Ishlar amalga oshirilmagan — 0 ball
  • Loyiha ishlab chiqilgan — 5 ball
  • Ishlab chiqilib, joriy etilgan — 10 ball
  • Joriy etilib, ilg‘or xorijiy tajriba va iqtisodiy tendensiyalar asosida takomillashtirilgan — 15 ball
3 Kasbiy standartlarni ishlab chiqish va takomillashtirish 20
  • Reja tasdiqlanmagan, standartlar ishlab chiqilmagan — 0 ball
  • Reja tasdiqlangan, lekin standartlar ishlab chiqilmagan — 6 ball
  • Rejaga muvofiq standartlar ishlab chiqilgan — 12 ball
  • Standartlar ishlab chiqilgan va mavjud standartlar takomillashtirilgan — 20 ball
4 Malakani baholash markazlari faoliyatini rivojlantirish va baholash vositalarini ekspertizadan o‘tkazish 15
  • Ishlar amalga oshirilmagan — 0 ball
  • Baholash vositalari ishlab chiqilib, ekspertizadan o‘tkazilgan — 10 ball
  • Markazlar faoliyati, monitoring, ekspertiza va Institutga axborot taqdim etish tizimli yo‘lga qo‘yilgan — 15 ball
5 Malakani baholash jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish, xolislik va shaffoflikni ta’minlash 10
  • Chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan — 0 ball
  • Reja ishlab chiqilgan — 3 ball
  • Reja ijrosi ta’minlanib, xolislik va shaffoflik o‘rganilgan — 6 ball
  • Ijro monitoring qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan — 10 ball
6 Ta’lim dasturlarining kasbiy standartlarga muvofiqligini baholash va takliflar ishlab chiqish 10
  • Baholanmagan — 0 ball
  • 1–5 ta dastur baholanib, xulosa berilgan — 5 ball
  • 6 ta va undan ortiq dastur baholanib, asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilgan — 10 ball
7 Yangi va istiqbolli kasblarni aniqlash hamda klassifikatorlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish 10
  • Takliflar ishlab chiqilmagan — 0 ball
  • Yangi va istiqbolli kasblar aniqlangan — 3 ball
  • Klassifikatorga kiritish yoki chiqarish uchun ro‘yxat shakllantirilgan — 6 ball
  • Ro‘yxat tegishli tashkilotlarga taqdim etilib, asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilgan — 10 ball
8 Tarmoq kengashi faoliyatiga xususiy sektor vakillarini jalb qilish 5
  • Jalb qilinmagan — 0 ball
  • Ishchi guruhlarga xususiy sektor vakillari jalb qilingan — 3 ball
  • Jalb qilinib, xususiy sektor korxona va tashkilotlarining xulosalari olingan — 5 ball
Jami 100

Milliy malaka tizimi ishtirokchilari respublika tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida nizom

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-iyundagi 369-son qarori hamda Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi majlisining 2025-yil 18-dekabrdagi 114-son bayoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, milliy malaka tizimi ishtirokchilari o‘rtasida respublika tanlovini (keyingi o‘rinlarda — Tanlov) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi. Ushbu Nizomda hisobot davri deganda tanlov o‘tkazilayotgan yilning 1-yanvaridan tanlov hujjatlarini qabul qilish muddati tugaydigan kungacha bo‘lgan davr tushuniladi.

2. Tanlov uchta mustaqil toifa bo‘yicha alohida-alohida o‘tkaziladi:

  • kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari (keyingi o‘rinlarda — Tarmoq kengashlari);
  • qonunchilikda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan malakani baholash markazlari (keyingi o‘rinlarda — Markazlar);
  • ish beruvchi tashkilotlar.

Har bir toifa belgilangan mezonlar asosida, boshqa toifalar bilan taqqoslanmagan holda baholanadi.

3. Tanlovning tashkilotchisi Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut) hisoblanadi. Tanlov har yili, qoida tariqasida, noyabr oyida o‘tkaziladi.

4. Tanlov ixtiyoriylik, xolislik, betaraflik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, shaffoflik, tenglik, sog‘lom raqobat, hujjatlarga asoslanganlik tamoyillari asosida o‘tkaziladi.

2-bob. Tanlovning maqsadi va asosiy vazifalari

5. Tanlovning maqsadi – Milliy malaka tizimini rivojlantirishda tarmoq kengashlari, malakani baholash markazlari va ish beruvchi tashkilotlarning faol ishtirokini rag‘batlantirish, ularning ilg‘or tajriba va tashabbuslarini aniqlash hamda ommalashtirish, o‘zaro sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek, Milliy malaka tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan faol ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iborat.

6. Quyidagilar Tanlovni o‘tkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • Tarmoq kengashlari, Markazlar va ish beruvchi tashkilotlar o‘rtasida ilg‘or, milliy malaka tizimini rivojlantirishda innovatsion va samarali tajribalarni aniqlash hamda ularni ommalashtirish;
  • Tarmoq kengashlari, Markazlar va ish beruvchi tashkilotlar o‘rtasida milliy malaka tizimini rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish.

3-bob. Tanlovni o‘tkazish haqida xabardor qilish tartibi

7. Tanlov tashkilotchisi tomonidan tanlovni o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lon tanlov o‘tkaziladigan kundan kamida 10 kalendar kun oldin ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda hamda Institutning Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

8. Tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’londa quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

  • tanlovning umumiy tavsifi;
  • tanlov tashkilotchisining nomi va manzili;
  • tanlovni moliyalashtirish manbai;
  • tanlov ishtirokchilariga qo‘yiladigan asosiy shartlar;
  • tanlovni amalga oshirish muddatlari;
  • tanlov ishtirokchilaridan hujjatlarni qabul qilishning manzili, oxirgi kuni va vaqti;
  • baholash mezonlari va baholash tartibi;
  • apellyatsiya berish muddati va tartibi.

9. Tanlovda ishtirok etish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar tanlov tashkilotchisiga ariza beruvchi tanlov ishtirokchisi tomonidan bevosita, pochta orqali va elektron shaklda berilishi mumkin.

10. Tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e’londa belgilangan muddatdan kechiktirib taqdim etilgan hujjatlar qabul qilinmaydi va ko‘rib chiqilmaydi. Bu haqda ariza beruvchiga hujjatlar kelib tushgan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida mavjud aloqa vositalari orqali xabar beriladi.

4-bob. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish

11. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish Milliy malaka tizimi ishtirokchilari respublika tanlovini o‘tkazish bo‘yicha tanlov komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Tanlov komissiyasi) zimmasiga yuklanadi.

12. Tanlovda ishtirok etish uchun 5-ilovaga muvofiq tarmoq kengashlari, 6-ilovaga muvofiq markazlar, 7-ilovaga muvofiq ish beruvchi tashkilotlar tanlov tashkilotchisiga hujjatlarni taqdim etadilar.

13. Tanlov komissiyasi milliy malaka tizimi, kasbiy malakalar, mehnat bozori, ta’lim yoki malakani baholash sohalarida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar orasidan kamida 9 nafar a’zodan iborat toq sonli tarkibda shakllantiriladi. Tanlov komissiyasi tarkibi Institut direktori tomonidan tasdiqlanadi.

14. Tanlov komissiyasi yig‘ilishi uning a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

15. Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi:

  • 1-bosqich – arizalarni qabul qilish, hujjatlarni baholashga tayyorlash;
  • 2-bosqich – hujjatlar asosida kompleks baholash va g‘oliblarni aniqlash.

16. Tanlovning 1-bosqichini tashkil etish uchun Tanlov komissiyasi raisi tomonidan tarkibi tasdiqlanadigan ishchi guruh tuziladi.

17. Ishchi guruh tanlovning 1-bosqichida tanlovni tashkil etish va o‘tkazishga doir zarur ma’lumotlarni tayyorlaydi, ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni qabul qiladi hamda ularning ushbu Nizomning 5, 6 yoki 7-ilovasida nazarda tutilgan hujjatlar ro‘yxatiga muvofiqligi, to‘liqligi, zarur rekvizitlar mavjudligi va belgilangan shaklda rasmiylashtirilganligini tekshiradi. Ishchi guruh hujjatlarni mazmunan baholash yoki ball qo‘yishga haqli emas. Bartaraf etish mumkin bo‘lgan texnik yoki rasmiylashtirishga oid kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ariza beruvchiga ularni bartaraf etish uchun ikki ish kuni muddat beriladi. Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmasa, ishchi guruh hujjatlarni Tanlovning 2-bosqichiga kiritmaslik to‘g‘risida asoslantirilgan xulosa rasmiylashtiradi va bu haqda ariza beruvchini bir ish kuni ichida xabardor qiladi.

18. Tanlovning 2-bosqichi Tanlov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda Tanlov komissiyasining har bir a’zosi ushbu Nizomning 1, 2 yoki 3-ilovasida belgilangan baholash mezonlariga muvofiq har bir tanlov ishtirokchisining hujjatlarini mustaqil ravishda 100 ballik tizim asosida baholaydi. Tanlov komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan ishchi guruh a’zolari tanlovning ikkinchi bosqichida ishtirok etmaydi.

19. Tanlovning ikkinchi bosqichi Tanlov komissiyasining yig‘ilishi shaklida o‘tkaziladi. Yig‘ilishda individual baholash natijalari umumlashtiriladi, yakuniy ballar hisoblab chiqiladi hamda tanlov g‘oliblarini aniqlash masalasi ko‘rib chiqiladi. Qabul qilingan qaror yig‘ilish bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bunda “Eng faol kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashi”, “Eng faol malakani baholash markazi” va “Eng faol ish beruvchi tashkilot” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov g‘oliblari aniqlanadi.

20. Tanlov komissiyasining har bir a’zosi har bir tanlov ishtirokchisi bo‘yicha ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq alohida baholash varaqasini shaxsan to‘ldiradi va imzolaydi. Baholash varaqasida har bir mezon bo‘yicha qo‘yilgan ball hamda ushbu ballni asoslovchi hujjatning nomi va rekvizitlari ko‘rsatilishi shart. Asoslovchi hujjat ko‘rsatilmagan ball hisobga olinmaydi.

21. Tanlov komissiyasi kotibi baholash varaqalaridagi ballarni hisoblab chiqadi. Har bir ishtirokchining yakuniy bali baholashda ishtirok etgan Tanlov komissiyasi a’zolari tomonidan qo‘yilgan jami ballar yig‘indisini baholashda ishtirok etgan a’zolar soniga bo‘lish orqali arifmetik o‘rtacha qiymat sifatida yuzdan birgacha aniqlikda aniqlanadi.

22. Tanlov komissiyasi raisi kotib tomonidan amalga oshirilgan hisob-kitoblarning arifmetik to‘g‘riligini va baholash varaqalarining to‘liq rasmiylashtirilganligini tekshiradi hamda yakuniy ballar to‘g‘risidagi ma’lumotni Tanlov komissiyasi a’zolariga e’lon qiladi. Tanlov komissiyasi raisi boshqa a’zolar tomonidan qo‘yilgan ballarni o‘zgartirishga haqli emas.

23. Tanlov natijasiga ko‘ra har bir nominatsiya bo‘yicha eng yuqori yakuniy ball to‘plagan tanlov ishtirokchisi g‘olib deb topiladi. Ikki yoki undan ortiq tanlov ishtirokchisi teng yakuniy ball to‘plagan taqdirda, ularning tegishli ilovadagi baholash mezonlari bo‘yicha o‘rtacha ballari mezonlarning tartib raqami ketma-ketligida taqqoslanadi. Ushbu tartibda ham ustunlik aniqlanmasa, g‘olib Tanlov komissiyasi a’zolarining ochiq ovoz berishi orqali aniqlanadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, Tanlov komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

24. Tanlov komissiyasining qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Tanlov komissiyasi yig‘ilishining bayonnomasi Tanlov komissiyasi kotibi tomonidan yuritiladi hamda Tanlov komissiyasi raisi, kotibi va yig‘ilishda ishtirok etgan barcha a’zolar tomonidan imzolanadi. Komissiya a’zosi qabul qilingan qarorga qo‘shilmagan taqdirda, uning alohida fikri yozma ravishda bayonnomaga ilova qilinadi. Komissiya a’zosi bayonnomani imzolashdan bosh tortsa, bu haqda sabablar ko‘rsatilgan holda bayonnomaga qayd kiritiladi.

25. Tanlov jarayoni, yakuniy natijalari va g‘oliblar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Institutning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi. Apellyatsiyani ko‘rib chiqish natijasida tanlov natijalari o‘zgargan taqdirda, yangilangan ma’lumotlar ham xuddi shu tartibda e’lon qilinadi.

5-bob. Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish

26. Ishchi guruh, Tanlov komissiyasi va Apellyatsiya komissiyasi a’zosi qonunchilikka muvofiq mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, tegishli tanlov ishtirokchisiga oid hujjatlarni ko‘rib chiqish, baholash va qaror qabul qilishda ishtirok etmasligi hamda o‘zini o‘zi chetlashtirishi shart. Jumladan:

  • o‘zi ishlaydigan yoki oxirgi ikki yil ichida ishlagan tashkilot tanlovda ishtirok etayotgan bo‘lsa;
  • qonunchilikda belgilangan yaqin qarindoshi tegishli tashkilotning rahbariyatida ishlasa yoki tanlov natijasidan bevosita manfaatdor bo‘lsa;
  • o‘zi yoki qonunchilikda belgilangan yaqin qarindoshi tegishli tashkilot bilan moliyaviy, mulkiy yoki shartnomaviy munosabatlarda bo‘lsa;
  • uning xolis va betaraf qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxsiy manfaatdorlik mavjud bo‘lsa.

27. Mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan shaxs bu haqda tegishli masalani ko‘rib chiqish boshlanishidan oldin yozma ravishda komissiya raisini (ishchi guruh a’zosi bo‘lsa — ishchi guruh rahbarini) xabardor qiladi. Yozma xabarnoma tegishli yig‘ilish bayonnomasiga yoki ishchi guruh hujjatlariga ilova qilinadi. Mazkur shaxs tegishli ishtirokchiga oid hujjatlarni ko‘rib chiqish, muhokama qilish, baholash va ovoz berishda ishtirok etmaydi.

28. Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilmagan holda ko‘rib chiqish, baholash yoki ovoz berishda ishtirok etilganligi keyinchalik aniqlansa, mazkur shaxs tomonidan qo‘yilgan baholar va berilgan ovozlar hisobdan chiqariladi hamda natijalar qayta hisoblanadi. Ushbu holat g‘olibni aniqlash natijasiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, Tanlov komissiyasining tegishli qarori qayta ko‘rib chiqiladi.

6-bob. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash

29. Har bir nominatsiya bo‘yicha I o‘rinni egallagan ishtirokchi nominatsiya g‘olibi deb topiladi va qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli diplom hamda tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlanadi.

30. Tanlovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, shuningdek g‘oliblarni taqdirlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi, Institut, tegishli xalqaro tashkilotlar, xalqaro grantlar va donorlarning mablag‘lari (moliyaviy ko‘mak doirasida), shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

31. Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, korxonalar, jismoniy shaxslar va xalqaro tashkilotlar qonunchilikka muvofiq tanlovni o‘tkazishda hamkor yoki homiy sifatida ishtirok etishi mumkin. Hamkorlar va homiylarning Tanlov komissiyasi, ishchi guruh yoki Apellyatsiya komissiyasi faoliyatiga, ball qo‘yish va g‘olibni aniqlash jarayoniga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

32. Tanlovda faol qatnashgan ishtirokchilarni hamkor vazirlik va idoralarning tashakkurnomalari bilan taqdirlash yuzasidan tegishli tashkilotlarga taklif kiritilishi mumkin.

7-bob. Apellyatsiya berish tartibi

33. Tanlov ishtirokchisi ishchi guruhning hujjatlarni Tanlovning 2-bosqichiga kiritmaslik to‘g‘risidagi xulosasi, tanlovdan chetlashtirish to‘g‘risidagi qaror, baholash natijalari yoki tanlovni o‘tkazish tartib-taomillari buzilganligi yuzasidan apellyatsiya berishga haqli. Apellyatsiya tegishli qaror haqida xabardor qilingan yoki tanlov natijalari rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab besh ish kuni ichida Institutga yozma yoxud elektron shaklda taqdim etiladi.

34. Apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish uchun Institut tomonidan kamida 5 nafar a’zodan iborat toq sonli Apellyatsiya komissiyasi tuziladi. Uning tarkibiga huquqshunoslar, milliy malaka tizimi sohasidagi mutaxassislar va boshqa ekspertlar kiritilishi mumkin. Tegishli ishtirokchining hujjatlarini ishchi guruhda ko‘rib chiqishda yoki Tanlov komissiyasida baholashda qatnashgan shaxslar ushbu ishtirokchining apellyatsiyasini ko‘rib chiqishda ishtirok etmaydi. Apellyatsiya komissiyasining tarkibi Institut direktori tomonidan tasdiqlanadi. Apellyatsiya komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Qarorlar yig‘ilishda ishtirok etgan a’zolarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, ovozlar teng bo‘lgan taqdirda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

35. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiyani u kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish, uni to‘liq yoki qisman qanoatlantirish, tegishli qarorni bekor qilish yoxud boshqa tarkibdagi mutaxassislar tomonidan qayta baholash o‘tkazish to‘g‘risida asoslantirilgan qaror qabul qilinadi. Qaror nusxasi bir ish kuni ichida ariza beruvchiga yuboriladi. Mazkur tartib ishtirokchining qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqini cheklamaydi.

8-bob. Yakunlovchi qoidalar

36. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. Tanlovni tashkil etish, hujjatlarni ko‘rib chiqish va baholash jarayonida olingan tijorat siri, xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan axborot, shaxsga doir ma’lumotlar hamda qonunchilik bilan muhofaza qilinadigan boshqa ma’lumotlarning maxfiyligi ta’minlanadi. Bunday ma’lumotlardan faqat tanlovni tashkil etish va o‘tkazish maqsadlarida foydalaniladi.

37. Taqdim etilgan ma’lumot yoki hujjatning soxtaligi ishonchli manba yoxud vakolatli organ ma’lumotlari bilan tasdiqlangan taqdirda, ishtirokchi tanlovdan chetlashtiriladi. Chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin ishtirokchiga ikki ish kuni ichida yozma tushuntirish va tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etish imkoniyati beriladi. Soxtalik g‘olib aniqlangandan keyin aniqlansa, tegishli natija bekor qilinadi va yakuniy ballar asosida keyingi o‘rindagi ishtirokchi g‘olib deb topiladi. Ishtirokchi mazkur qaror ustidan ushbu Nizomning 7-bobida belgilangan tartibda apellyatsiya berishga haqli.

38. Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan masalalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.

Powered by GSpeech