Menyu

Qo‘ng‘irot tumanida malakani baholash ekspertlari uchun sayyor malaka oshirish kurslari tashkil etildi

28-Avgust, 2026-yil

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida joylashgan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ xorijiy korxonasida malakani baholash jarayonlariga jalb etiladigan ekspertlar uchun sayyor shakldagi malaka oshirish kurslari tashkil etildi.


Mazkur o‘quv kurslari kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari tomonidan malakani baholash jarayonlariga jalb etiladigan ekspertlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, baholash jarayonlarini belgilangan talablar asosida xolis, shaffof va sifatli tashkil etishga tayyorlash maqsadida o‘tkazildi.


Besh kun davom etgan o‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilarga O‘zbekiston milliy malaka tizimining mazmuni va rivojlanish yo‘nalishlari, malakani baholash tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy asoslar, malakani baholash markazlari faoliyati, tarmoq malaka ramkalari va kasbiy standartlar, shuningdek, kasbiy malakalarni baholashning xalqaro tajribasi bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar berildi.


Kurs jarayonida nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, tinglovchilar kasbiy standartlar asosida baholash mezonlarini shakllantirish, kasbiy talablarni real mehnat vazifalari va imtihon topshiriqlariga transformatsiya qilish, nazariy qism uchun sifatli test topshiriqlarini ishlab chiqish hamda amaliy topshiriqlarni real ishlab chiqarish jarayonlariga moslashtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda faol ishtirok etdilar.


Shuningdek, kasbiy imtihonlarda qo‘llaniladigan baholash vositalari va mezonlarini ishlab chiqish, talabgorlarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini baholash, baholash jarayonida xolislikni ta’minlash, subyektivlikni minimallashtirish, shuningdek, baholash natijalarini hisoblash, umumlashtirish va rasmiylashtirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.


Kursning yakuniy bosqichida ekspertning kasbiy imtihondagi roli va mas’uliyati, talabgor faoliyatini kuzatish va baholashga asos bo‘luvchi dalillarni qayd etish, imtihon natijalari bo‘yicha shikoyat va apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish tartibi, ekspert faoliyatida risklarni boshqarish, professional mas’uliyat va etika masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tinglovchilarning o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini baholash maqsadida yakuniy test sinovi ham o‘tkazildi.


Sayyor shaklda tashkil etilgan mazkur malaka oshirish kurslari ekspertlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini bevosita hudud va real ishlab chiqarish muhiti bilan uyg‘un holda rivojlantirish, shuningdek, malakani baholash jarayonlarida yagona yondashuv, xolislik, shaffoflik va sifatni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


Malakali ekspert — ishonchli baholashning, ishonchli baholash esa malakali kadrlar salohiyatini munosib e’tirof etishning muhim kafolatidir.

Powered by GSpeech