28-Sentabr, 2026-yil
Toshkent shahridagi Courtyard by Marriott mehmonxonasida GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) va German Sparkassenstiftung for International Cooperation hamkorligida TexVET II loyihasi doirasida O‘zbekistonda bank sohasi uchun dual kasbiy ta’lim va dual oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga bag‘ishlangan ochilish tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Bank va moliya sohasi hamda Iqtisodiyot va moliya sohasi tarmoq kengashi vakillari, ta’lim tashkilotlari, bank sektori mutaxassislari, milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi Germaniyaning ilg‘or tajribasi asosida bank sektori uchun zamonaviy dual ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, ta’lim jarayonida nazariy bilimlarni amaliy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashtirish hamda mehnat bozori talablariga mos, malakali va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Loyiha doirasida Andijon va Marg‘ilon shaharlaridagi texnikumlar negizida bank sohasi uchun dual kasbiy ta’lim dasturlarini, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida esa bakalavriat darajasidagi dual oliy ta’lim dasturini joriy etish nazarda tutilgan. Mazkur jarayonning muhim yo‘nalishlaridan biri — bank sohasi ehtiyojlaridan kelib chiqib kasbiy standartlarni ishlab chiqish va takomillashtirishdir. Kasbiy standartlarda bank sektorida faoliyat yurituvchi mutaxassislarga qo‘yiladigan zamonaviy talablar, zarur bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarni aniq belgilash orqali ta’lim dasturlarining mazmunini mehnat bozori ehtiyojlariga yanada yaqinlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, dual ta’lim modelini samarali yo‘lga qo‘yishda ta’lim tashkilotlari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratiladi. Bunda banklarning real ish jarayonlari, amaliy ehtiyojlari va kadrlarga bo‘lgan talablari ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, yangilash va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etishda inobatga olinadi. Loyiha doirasida “Agrobank” va “Mikrokreditbank” bilan hamkorlikda dual ta’lim dasturlarini sinovdan o‘tkazish, Germaniyaning mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, shuningdek, ta’lim dasturlari va kasbiy standartlarni ishlab chiqish jarayonlariga milliy hamda xalqaro ekspertlarni jalb etish rejalashtirilgan. Dual ta’limning ushbu modeli ta’lim tashkilotlari, tarmoq kengashlari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali “ta’lim — kasbiy standart — amaliyot — mehnat bozori” o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur tashabbus o‘quv jarayonlarini real ish muhiti bilan uyg‘unlashtirish, talaba va o‘quvchilarning amaliy kompetensiyalarini rivojlantirish, bank sektorining zamonaviy talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash hamda ta’lim sifati va mehnat bozori o‘rtasidagi integratsiyani yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.