Menyu

UNESCO eksperti Mishel Aribaud ishtirokida RPL tizimi prototipi takomillashtirilmoqda

12-Oktabr, 2026-yil

Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida UNESCO bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida xalqaro ekspert Mishel Aribaudning navbatdagi ekspertlik tashrifi boshlandi.

Tashrif davomida RPL (avvalgi ta’lim va amaliy tajriba natijalarini tan olish) tizimini joriy etishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, ishchi guruh a’zolari xalqaro ekspert bilan hamkorlikda norasmiy ta’lim va informal o‘rganish orqali egallangan bilim, ko‘nikma hamda kompetensiyalarni tan olish tizimi prototipini takomillashtirish ustida ishlamoqda.

Jarayon doirasida prototipning tartib-taomillari, baholash vositalari va mezonlarini takomillashtirish, shuningdek, transport sohasidagi “Elektrovoz mashinisti yordamchisi” malakasi bo‘yicha prototipni amaliy sinovdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratiladi. Bundan tashqari, oktabr–noyabr oylarida amalga oshiriladigan ishlar rejasi ishlab chiqiladi.

RPL tizimini joriy etish fuqarolarning ish tajribasi, mustaqil ta’lim, norasmiy ta’lim va informal o‘rganish orqali orttirgan bilim, ko‘nikma, shuningdek, kompetensiyalarini baholash hamda belgilangan tartibda tan olish uchun imkoniyat yaratadi.
Bu, o‘z navbatida, kasbiy malakani tasdiqlash, mehnat bozorida raqobatbardoshlikni oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi. Xalqaro ekspert ishtirokidagi ushbu uchrashuv 15-oktabrga qadar davom etadi.

Powered by GSpeech