16-Oktabr, 2026-yil
13-14-oktabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Yevropa ta’lim fondi (ETF) tomonidan Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan "Markaziy Osiyoda yoshlar uchun muloqot va harakat" (DARYA) mintaqaviy loyihasi doirasida Yuqori darajadagi guruhning beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish "Trans-Kaspiy transport yo‘lagining ko‘nikmalar o‘lchamini shakllantirish" mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekistonning ta’lim va mehnat sohalari vakillari, Yevropa Ittifoqi institutlari, unga a’zo davlatlar, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda transport-logistika sohasi biznes vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori A. Allabergenov ham qatnashdi. Yig‘ilishning birinchi kunida ishtirokchilar ko‘nikmalarni rivojlantirish va transport bog‘lanishini mustahkamlash borasidagi milliy ustuvor yo‘nalishlarni taqdim etdilar. Institut direktori O‘zbekistonda milliy malaka tizimini rivojlantirish, kasbiy standartlarni mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda malakalarni baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Ikkinchi kuni Markaziy Osiyoda ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy yo‘l xaritasi loyihasi, transport va logistika sohasidagi hamkorlik hamda Trans-Kaspiy transport yo‘lagida mehnat bozori ehtiyojlarini monitoring qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Institut direktori "O‘zgarayotgan ko‘nikmalar ehtiyojiga javob berish: ko‘nikmalarni shakllantirish va hamkorlikning yangi yondashuvlari" mavzusidagi panel muhokamasida ishtirok etdi. Uchrashuv yakunida ko‘nikmalarni rivojlantirish va transport-logistika sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan xulosalar taqdim etildi. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish — O‘zbekiston malakalarining boshqa davlatlar malakalari bilan taqqoslanishini ta’minlash, shuningdek, transport va logistika kabi ustuvor tarmoqlarda malakali kadrlar tayyorlashni investitsiya loyihalari ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyatga ega.