10-Noyabr, 2026-yil
Ilğor tajriba, samarali hamkorlik va amaliy taşabbuslar eʼtirof etildi
Milliy malaka tizimini rivojlantiriş yölidagi faoliyat, taşabbus va hamkorlik samaralari yana bir bor eʼtirof etildi. Milliy malaka tizimi iştirokçilari örtasida ötkazilgan Respublika tanlovining yakuniy bosqiçi natijalariga köra, ikkita nominatsiya böyiça ğoliblar aniqlandi.
Tanlov iştirokçilarining faoliyati taqdim etilgan hujjatlar asosida, Nizomda belgilangan baholaş mezonlariga muvofiq 100 ballik tizimda baholandi. Har bir iştirokçining yakuniy natijasi Tanlov komissiyasi aʼzolari tomonidan qöyilgan ballarning örtaça qiymati asosida şakllantirildi.
Tarmoq kengaşlari faoliyati eʼtirof etildi
“Eng faol kasbiy malakalarni rivojlantiriş böyiça tarmoq kengaşi” nominatsiyasida Huquq, arxiv va davlat xizmatlari sohalarida kasbiy malakalarni rivojlantiriş böyiça tarmoq kengaşi ğolib deb topildi.
Mazkur kengaşning yuqori natijaga erişişida mehnat bozori ehtiyojlarini örganiş, kasbiy malakalarga bölgan talabni aniqlaş hamda sohada malakani baholaş jarayonlarini rivojlantirişga qaratilgan amaliy taşabbuslari muhim ahamiyat kasb etdi. Şuningdek, milliy malaka tizimini takomillaştiriş yuzasidan muntazam takliflar işlab çiqişi va ularni hayotga tatbiq etişdagi faolligi kengaş faoliyatining muhim jihatlaridan biri böldi.
Uşbu nominatsiyada quyidagi tarmoq kengaşlari ham yuqori natijalarni qayd etdi:
– Transport va avtomobilsozlik sohalarida kasbiy malakalarni rivojlantiriş böyiça tarmoq kengaşi;
– Toğ-kon sanoati, geologiya va mineral resurslar sohalarida kasbiy malakalarni rivojlantiriş böyiça tarmoq kengaşi;
– Taʼlim va fan sohasida kasbiy malakalarni rivojlantiriş böyiça tarmoq kengaşi.
Iş beruvçilar orasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ yetakçi
“Eng faol iş beruvçi taşkilot” nominatsiyasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ ğolib deb topildi.
Korxonaning tegişli tarmoq kengaşi bilan yölga qöygan muntazam hamkorligi, sohaning amaliy ehtiyojlaridan kelib çiqib kasbiy standartlarni işlab çiqiş va takomillaştiriş jarayonlaridagi faol iştiroki yuqori baholandi. Milliy malaka tizimini rivojlantirişga qaratilgan taklif va taşabbuslari esa taşkilotning uşbu yönalişdagi masʼuliyatli pozitsiyasi hamda amaliy hissasini namoyon etdi.
Mazkur nominatsiyada quyidagi taşkilotlar ham yuqori natijalarni qayd etdi:
– “Uzbekistan Airways” AJ;
– Avtomobil yöllari qömitasi;
– “Temiryölinfratuzilma” AJ.
Natijalar — yangi taşabbuslar uçun rağbat
Respublika tanlovi milliy malaka tizimi iştirokçilarining faoliyatini sarhisob qiliş, samarali tajribalarni aniqlaş va ommalaştiriş, şuningdek, tarmoq kengaşlari hamda iş beruvçilar örtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaşga xizmat qiladi.
Tanlovda iştirok etgan barça taşkilotlarga milliy malaka tizimini rivojlantiriş, kasbiy malakalarni takomillaştiriş va mehnat bozori ehtiyojlariga mos malakali kadrlar tayyorlaş yölidagi hissasi uçun minnatdorlik bildiramiz. Ğoliblarni erişgan yutuqlari bilan samimiy tabriklaymiz!
Tanlov ğoliblarini tantanali taqdirlaş marosimi Şveysariya tomonidan moliyalaştirilayotgan “SKILL-UP” loyihasi bilan hamkorlikda joriy yilning
26-noyabr kuni Toşkent şahridagi Wyndham Taşkent mehmonxonasida ötkaziladi.
Eslatma: Tanlov natijalari yuzasidan apellyatsiya beriş istagida bölgan iştirokçilar natijalar rasman eʼlon qilingan kundan boşlab beş iş kuni içida Milliy malaka tizimini rivojlantiriş institutiga yozma yoki elektron şaklda murojaat qilişlari mumkin