13-Iyul, 2026-yil
Ta'lim sifatini ta'minlash milliy agentligi hamda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tomonidan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaaga bo'lgan qiziqishni yanada oshirish hamda ma'naviy-ma'rifiy muhitni mustahkamlash maqsadida "Kitob – tafakkur manbai" shiori ostida yozuvchi Sherzod Komil Xalil ishtirokida adabiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida adibning so'nggi asarlaridan biri – "Turkiylarning xayoliy jonzotlari" to'plami atroflicha muhokama qilinib, unda yoritilgan turkiy xalqlar mifologiyasi, tarixiy-madaniy merosi, ramziy obrazlar hamda muallifning o'ziga xos badiiy uslubi yuzasidan fikr almashildi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o'tgan uchrashuvning savol-javob qismi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Xodimlar yozuvchiga asarning yaratilish tarixi, qahramonlar obrazlari, ijodiy izlanishlari hamda zamonaviy adabiyot rivojiga oid turli savollar bilan murojaat qilib, batafsil javoblar oldilar.
Shuningdek, tadbir doirasida kitoblar yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan tanishish, shuningdek, o'zlari istagan kitoblarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Mazkur adabiy uchrashuv kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, mutolaa orqali ma'naviy dunyoni boyitish hamda xodimlar o'rtasida kitobga mehr va mutolaa an'analarini yanada keng targ'ib etishga xizmat qildi.
Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Axborot xizmati