Menyu

Buxoroda malakani baholash sohasi uchun ekspertlar tayyorlanmoqda

21-Iyul, 2026-yil

Buxoro shahridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tomonidan malakani baholash jarayonlariga jalb etiladigan ekspert nomzodlari uchun malaka oshirish kurslariga start berildi.

Mazkur o‘quv kurslari mamlakatimizda Milliy malaka tizimini yanada takomillashtirish, mehnat bozori talablariga mos malakali va xolis ekspertlar korpusini shakllantirish, shuningdek, malakani baholash jarayonlarining shaffofligi va sifatini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda. Kurslarda Buxoro viloyatining turli sohalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Tinglovchilar uchun Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutining tajribali mutaxassislari tomonidan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘quv dasturi doirasida ishtirokchilarga Milliy malaka tizimining huquqiy asoslari, tarmoq malaka ramkalarini ishlab chiqish va joriy etish tartibi, kasbiy standartlarni shakllantirish bosqichlari, malakani baholash vositalarini tayyorlash, baholash jarayonida qo‘llaniladigan zamonaviy yondashuvlar hamda xalqaro tajriba yuzasidan bilim va ko‘nikmalar beriladi.

Shuningdek, tinglovchilar malakani baholash markazlarida ekspertlar faoliyatiga qo‘yiladigan talablar, baholash jarayonida xolislik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlash masalalari bo‘yicha ham zarur bilimlarga ega bo‘ladilar. Malaka oshirish kurslari doirasida nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda amaliy keyslar, baholash jarayonlarini modellashtirish, savol-javoblar hamda tajriba almashish sessiyalari ham tashkil etiladi. Bu esa ishtirokchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida Milliy malaka tizimini takomillashtirish, mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda ish beruvchilar ehtiyojlariga mos malakani baholash tizimini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada malakali va kompetentli ekspertlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi. Kurs yakunida o‘quv dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan ishtirokchilar belgilangan tartibda sertifikat bilan taqdirlanadi hamda kelgusida malakani baholash jarayonlariga ekspert sifatida jalb etilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Powered by GSpeech