Menyu

Turizm va mehmondo‘stlik sohasida dual kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha muhim hamkorlik memorandumi imzolandi

31-Iyul, 2026-yil

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Mehmonxonalar assotsiatsiyasi, Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti, Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti hamda Shveytsariyaning VET4UZ loyihasi o‘rtasida turizm va mehmondo‘stlik sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, tomonlar kasbiy ta’limda ish beruvchilar ishtirokini rivojlantirish bo‘yicha Strategiya hamda joriy yil ish rejasini tasdiqladilar.

Mazkur hamkorlik davlat organlari, ish beruvchilar va kasbiy ta’lim provayderlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, dual ta’lim tizimini institutsional jihatdan rivojlantirish hamda ta’limni mehnat bozori talablariga yanada moslashtirishga xizmat qiladi.

Hamkorlikning asosiy maqsadi Shveytsariyaning ilg‘or tajribasi asosida dual kasbiy ta’lim modelini rivojlantirish, ish beruvchilarning kasbiy ta’limdagi ishtirokini kuchaytirish hamda bitiruvchilarni turizm va mehmondo‘stlik sohasida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasbiy kompetensiyalar bilan ta’minlashdan iborat.

Memorandum doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik amalga oshiriladi:

  • mehnat bozori ehtiyojlariga mos malakalar va kasb standartlarini ishlab chiqish;

  • ish beruvchilar ishtirokida kasbiy ta’lim dasturlarini modernizatsiya qilish;

  • dual ta’lim modeli asosida ish joyida o‘qitish tizimini kengaytirish;

  • baholash va ta’lim sifatini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish;

  • kasbiy ta’limni boshqarish jarayonlarida xususiy sektorning rolini kuchaytirish.

Tasdiqlangan Strategiyada davlat-xususiy sheriklikni institutsionallashtirish, ish beruvchilar yetakchiligida kasb standartlari va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, ish joyida ta’limni rivojlantirish, baholash tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektorning barqaror ishtirok mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Strategiyani amaliyotga izchil tatbiq etish maqsadida joriy yil uchun tasdiqlangan ish rejasida O‘zbekiston Mehmonxonalar assosiasiyasi huzurida Texnik ishchi guruhni tashkil etish, ish beruvchilar ishtirokida kasb standartlarini ishlab chiqish, dual ta’lim dasturlarini tayyorlash, milliy ekspertlar va ish beruvchilarning salohiyatini oshirish hamda amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam monitoring qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi samarali hamkorlikni mustahkamlash, mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda turizm va mehmondo‘stlik sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

Powered by GSpeech