Menyu

Malakani baholash ekspertlari uchun malaka oshirish kurslari muvaffaqiyatli yakunlandi

27-Iyul, 2026-yil

Buxoro shahridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tomonidan malakani baholash jarayonlariga jalb etiladigan ekspert nomzodlari uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslari muvaffaqiyatli yakunlandi.

Joriy yilning 20-24-iyul kunlari o‘tkazilgan mazkur o‘quv kurslari Milliy malaka tizimini takomillashtirish, malakani baholash tizimi uchun yuqori malakali va mustaqil ekspertlar korpusini shakllantirish hamda baholash jarayonlarining sifati, shaffofligi va ishonchliligini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Besh kunlik o‘quv dasturi davomida tinglovchilarga Milliy malaka tizimining huquqiy va institutsional asoslari, kasbiy standartlar va tarmoq malaka ramkalarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish mexanizmlari, malakani baholash vositalarini yaratish, zamonaviy baholash metodlari va xalqaro ilg‘or tajribalar bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlar berildi.

Shuningdek, mashg‘ulotlar doirasida amaliy keyslar tahlili, baholash jarayonlarini modellashtirish, interaktiv muhokamalar va tajriba almashish sessiyalari tashkil etilib, ishtirokchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘quv kurslari yakunida dastur talablarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan 18 nafar tinglovchiga malaka oshirish kurslarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Mazkur sertifikatlar ularga malakani baholash markazlarida ekspert sifatida faoliyat yuritish hamda baholash jarayonlarini amaldagi me’yoriy talablar va xalqaro yondashuvlar asosida tashkil etishda ishtirok etish huquqini beradi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Milliy malaka tizimini izchil rivojlantirish, mehnat bozori ehtiyojlariga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va malakani baholash tizimi samaradorligini oshirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ushbu maqsadlarga erishishda malakali, xolis va professional ekspertlar korpusini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtayi nazardan, Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tomonidan hududlarda muntazam tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari malakani baholash tizimini yanada takomillashtirish, baholash jarayonlarining xolisligi va shaffofligini ta’minlash hamda inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilayotgan muhim tashabbuslardan biridir.

Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti kelgusida ham hududlarda malakani baholash sohasi uchun ekspertlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlarini izchil davom ettirib, Milliy malaka tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarni amalga oshiradi.

Powered by GSpeech