Menyu

Tarmoq kengashlarining salohiyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

10-Sentabr, 2026-yil

Toshkent shahrida Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ)ning «O‘zbekiston kasb-hunar ta’lim tizimida islohot va modernizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash (TexVET-II)» loyihasi doirasida «Tarmoq kengashining salohiyatini yuksaltirish» mavzusidagi amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti, Kasbiy ta’lim agentligi, vazirlik va idoralar hamda Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori Anvar Allabergenov milliy malaka tizimida Kasbiy malakalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlarining o‘rni hamda kasbiy standartlar, malaka standartlari va kompetensiyalarni baholash o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik mavzusida taqdimot bilan chiqdi.
Seminar davomida TexVET-II loyihasi maslahatchisi Dr. Paul Comyn ishtirokida quyidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi:
🔹 kasbiy standartlarning sifati va dolzarbligini ta’minlash yondashuvlari;
🔹 kasbiy standartlar asosida kompetensiyaga yo‘naltirilgan ta’lim va baholashni tashkil etish;
🔹 malaka talablari — kasbiy standartlar va kadrlar tayyorlash tizimi o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash vositasi sifatida;
🔹 ilgari o‘zlashtirilgan kompetensiyalarni tan olish (RPL) mexanizmlari;
🔹 joriy loyiha doirasida tarmoq kengashlarining vazifalari.
Amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, tanlangan kasbiy standart loyihasini tahlil qildilar va o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, ilgari o‘zlashtirilgan malakalarni tan olish (RPL) tizimini O‘zbekistonda keng joriy etish yo‘llari bo‘yicha takliflar berildi.

Powered by GSpeech