Menyu

Malakani baholash markazi

Malakani baholash markazi — talabgorning malakasini mustaqil baholash faoliyatini amalga oshiruvchi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan yuridik shaxs hisoblanadi.
Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasi orqali malakani baholash markazlari oʻz faoliyatini tashkil etish va yuritish uchun zarur boʻlgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, davlat xizmatlari hamda elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega.

Markazning asosiy vazifalari

Malakani baholash markazi oʻz faoliyatini “Malakani baholash markazi toʻgʻrisida”gi namunaviy nizom asosida amalga oshiradi. Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• baholash vositalarini ishlab chiqish, ularni tegishli tarmoq kengashida ekspertizadan oʻtkazish, Institut xulosasini olish va belgilangan tartibda tasdiqlash;
• kasbiy standartlar va malaka talablari asosida norasmiy va informal taʼlim natijalarini baholash, tan olish (validatsiya qilish) hamda sertifikatlash maqsadida kasbiy imtihonlarni tashkil etish va oʻtkazish;
• milliy malaka tizimiga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
• talabgorlarning malakasini baholash jarayonida shaffoflik va xolislikni taʼminlash mexanizmlarini joriy etish.

Akkreditatsiyadan oʻtish tartibi

Malakani baholash markazi faoliyatini amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtishi shart. Akkreditatsiya “Malakani baholash markazlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” asosida amalga oshiriladi.
Vakolatli organ — Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti hisoblanadi.

Murojaat qilish tartibi

Ariza beruvchi (markaz direktori yoki uning ishonchli vakili):
• Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilishi;
• Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda murojaat yuborishi mumkin.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Quyidagi hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatlarida taqdim etiladi:
• markaz direktori yoki ishonchli vakil vakolatini tasdiqlovchi hujjat;
• yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
• tegishli tarmoq kengashining markazni akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha tavsiyasi;
• baholovchi ekspert sifatida jalb etilishi rejalashtirilgan kamida uch nafar nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
• malakani mustaqil baholash rejalashtirilgan kasblar (kvalifikatsiyalar) boʻyicha ishlab chiqilgan baholash vositalari.

Koʻrib chiqish muddatlari

• vakolatli organ tomonidan hujjatlar 3 ish kuni ichida dastlabki koʻrib chiqiladi;
• Akkreditatsiya guruhi 15 ish kuni ichida markaz faoliyatini joyiga chiqqan holda yoki masofadan turib oʻrganadi;
• Akkreditatsiya komissiyasi 5 ish kuni ichida yakuniy qaror qabul qiladi;
• ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, 3 ish kuni ichida QR-kodli akkreditatsiya guvohnomasi rasmiylashtiriladi.

Akkreditatsiya guvohnomasi 5 yil muddatga amal qiladi.

Powered by GSpeech