Menyu

Talabgor

Talabgor — malakani mustaqil baholash uchun belgilangan tartibda malakani baholash markaziga murojaat qilgan shaxs.
Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasi orqali talabgorlar malakani mustaqil baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega.

Malaka sertifikati va malaka pasporti

Kasbiy imtihon natijalariga koʻra talabgorga quyidagi hujjatlardan biri beriladi:
• Malaka sertifikati — talabgorning kasbiy malakasini maʼlum bir kasb (kvalifikatsiya) boʻyicha mehnat vazifalarini bajarish talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat.
• Malaka pasporti — ishchi kasb egalariga malaka razryadlarini berish boʻyicha kasbiy standarti (yoki malaka talabi) bilan nazarda tutilgan tegishli malakaning ijobiy baholanganini tasdiqlovchi hujjat.
Malaka sertifikati va malaka pasportining amal qilish muddati 5 yil.

Malakani baholash markazini tanlash

Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasida akkreditatsiyadan oʻtgan barcha malakani baholash markazlarining reyestri yuritiladi. Talabgorlar kasb (kvalifikatsiya), hudud va boshqa mezonlar asosida oʻziga qulay bo‘lgan malakani baholash markazini tanlashi mumkin.

Kasbiy imtihon uchun hujjatlarni topshirish tartibi

Kasbiy imtihonda ishtirok etish uchun talabgor quyidagi hujjatlarni elektron shaklda (PDF, PNG yoki JPEG formatida) taqdim etadi:
• kasbiy imtihonda ishtirok etish toʻgʻrisidagi ariza;
• shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
• ish faoliyati davomida erishilgan yutuqlarni tasdiqlovchi hujjatlar (diplom, sertifikat va boshqalar);
• yuqori malaka darajasiga daʼvogarlik qilinganda, quyi malaka darajasini tasdiqlovchi hujjatlar;
Malakani baholash markazi hujjatlarni 5 ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda kasbiy imtihonda ishtirok etishga ruxsat berish haqida milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasi orqali xabarnoma yuboriladi.

Kasbiy imtihon o‘tkazish tartibi

Kasbiy imtihon malakani baholash markazning qaroriga muvofiq 30 ish kuni ichida tashkil etiladi.
Kasbiy imtihon quyidagi qismlardan iborat:
• nazariy (test sinovi yoki suhbat);
• amaliy
Nazariy va amaliy imtihonlar oʻrtasidagi vaqt oraligʻi ikki ish kunidan oshmasligi belgilangan.
Kasbiy imtihon jarayoni videoyozuvga olinadi va belgilangan muddat davomida saqlanadi.

Natijalarni olish

Kasbiy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgor 5 ish kuni ichida QR-kodli malaka sertifikati yoki malaka pasportini Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasida elektron shaklda o‘z shaxsiy kabinetlaridan yuklab oladi.
Malaka sertifikati va malaka pasporti avtomatik ravishda tegishli reyestrga kiritiladi

Apellyatsiya shikoyatini berish tartibi

Kasbiy imtihon natijasidan norozi boʻlgan talabgor natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida malakani baholash markaziga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
Apellyatsiya shikoyati markaz tomonidan tashkil etilgan Apellyatsiya komissiyasi tomonidan 10 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.

Powered by GSpeech