Menyu

Kasb, malaka va ko‘nikmalar istiqbolini prognozlash masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi

6-Avgust, 2026-yil

Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari faoliyati uchun mas’ul vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokida kasb, malaka va ko‘nikmalarning dolzarbligini tahlil qilish hamda ularning istiqbolini prognozlash masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Seminarning asosiy maqsadi mehnat bozorida yuz berayotgan zamonaviy tendensiyalarni tahlil qilish, istiqbolda talab yuqori bo‘ladigan kasb va kompetensiyalarni aniqlash metodologiyasini takomillashtirish hamda tarmoq kengashlari mutaxassislarining ushbu yo‘nalishdagi amaliy salohiyatini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida institut mutaxassislari tomonidan “Mehnat bozorida global va milliy tendensiyalar: demografik o‘zgarishlar, raqamlashtirish, avtomatlashtirish, yashil iqtisodiyot va sun’iy intellekt” hamda “Mehnat bozorida yaqin va uzoq istiqboldagi malaka va ko‘nikmalarni prognoz qilish metodologiyasi” mavzularida taqdimotlar o‘tkazildi. Taqdimotlarda zamonaviy iqtisodiy va texnologik jarayonlarning kasblar transformatsiyasiga ta’siri, yangi kasblarning shakllanishi, mavjud kasblarning modernizatsiyasi hamda kelajakda talab yuqori bo‘ladigan kompetensiyalarni aniqlashning ilmiy-uslubiy yondashuvlari batafsil yoritildi.

Seminarning ikkinchi qismida tarmoqlar kesimida dolzarb kasblar, kasbiy ko‘nikmalar va shaxsiy kompetensiyalarni aniqlashga xizmat qiluvchi so‘rovnoma loyihasi muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan so‘rovnoma mazmunini takomillashtirish, tarmoqlarning real ehtiyojlarini aniq aks ettirish hamda mehnat bozori talablarini samarali tahlil qilish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Seminar-trening yakunida ishtirokchilar mehnat bozori ehtiyojlarini tizimli tahlil qilish, tarmoq va korxonalarning istiqboldagi kadrlarga bo‘lgan talabini prognozlash, shuningdek, tarmoq kengashlari ekspertlari bilan hamkorlikda istiqbolli kasblar va zamonaviy kompetensiyalarni aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlaganliklarini qayd etdilar.

Mazkur seminar-trening Milliy malaka tizimini mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘un rivojlantirish, tarmoq kengashlari faoliyatining samaradorligini oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun raqobatbardosh va zamonaviy kompetensiyalarga ega kadrlarni tayyorlash bo‘yicha tizimli yondashuvlarni takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim amaliy platforma bo‘ldi.

Powered by GSpeech