Menyu

TexVET-II loyihasi doirasida Tarmoq kengashlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi

7-Avgust, 2026-yil

Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti vakillari Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O'zbekiston kasb-hunar ta'lim tizimida islohot va modernizatsiya jarayonini qo'llab-quvvatlash (TexVET II) loyihasi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etdi.

Uchrashuvda Institut rahbariyati va mutaxassislari, GIZ loyiha vakillari hamda Ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari kotiblari ishtirok etib, 2026-yilning ikkinchi yarmida tarmoq kengashlari faoliyatini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Muloqot davomida kasbiy standartlarni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos ravishda modernizatsiya qilish, dual ta’lim asosidagi o‘quv reja va dasturlarni takomillashtirish hamda tarmoq kengashlari faoliyatini metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, GIZning TexVET-II loyihasi doirasida to‘qimachilik tarmog‘ida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan dual ta’lim modelini boshqa ustuvor tarmoqlarga bosqichma-bosqich joriy etish, buning uchun ishchi guruhlar tashkil etish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va texnikumlar hamda ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida tanlangan tarmoqlar bo‘yicha Institutning mas’ul xodimlarini biriktirish hamda tarmoq kengashlari bilan hamkorlikdagi amaliy ishlarni jadallashtirish yuzasidan kelishib olindi.

Mazkur uchrashuv Milliy malaka tizimini mehnat bozori ehtiyojlariga yanada yaqinlashtirish, tarmoq kengashlari salohiyatini mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni izchil rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Powered by GSpeech