21-Avgust, 2026-yil
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi, Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti hamda elektrotexnika va mashinasozlik sanoati korxonalari vakillaridan iborat tarmoq ishchi guruhi ishtirokida 2026-yilda ishlab chiqilishi rejalashtirilgan kasbiy standartlar loyihalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Tadbir davomida tarmoq korxonalarida mavjud lavozimlar va mehnat faoliyatlarini xatlovdan o‘tkazish, kasblar tarkibini tahlil qilish, mehnat funksiyalari hamda vazifalarini amaldagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan korxonalarda amalda mavjud bo‘lgan, biroq Mashg‘ulotlarning milliy klassifikatori (MMK–2025)da aks ettirilmagan ayrim kasb va lavozimlarni tasniflash, ularni mehnat bozori ehtiyojlari va zamonaviy texnologik jarayonlardan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar bildirildi. Muhokamalarda sanoatning bugungi va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda kasbiy standartlarni ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash, malaka talablarini ishlab chiqarishdagi real jarayonlar bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Seminarning asosiy maqsadi — kasbiy standartlarni faqat normativ hujjat sifatida emas, balki korxonalarning amaliy ehtiyojlari, zamonaviy texnologiyalar va mehnat bozori talablari asosida shakllantirishdan iborat. Tadbir yakunida tarmoq ishchi guruhi oldida turgan ustuvor vazifalar, kasbiy standartlarni ishlab chiqishning keyingi bosqichlari hamda manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlik mexanizmlari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.