24-Avgust, 2026-yil
Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonini qo‘llab-quvvatlash” (TexVET-II) loyihasi vakillari hamda Shveysariyaning Bern universiteti professori, xalqaro ekspert Dr. Andreas Xirshi (Andreas Hirschi) ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi umumta’lim maktablari va kasbiy ta’lim tashkilotlarida kasbga yo‘naltirish tizimini modernizatsiya qilish, karera maslahatchilarini tayyorlash va ularning kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha xalqaro tajriba va zamonaviy metodologiyalarni o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda kasbga yo‘naltirish tizimini yanada takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, uzluksiz kasbiy rivojlanish dasturlarini takomillashtirish hamda ilg‘or xalqaro yondashuvlarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro ekspert Andreas Xirshi tomonidan kasbga yo‘naltirish tizimini rivojlantirish, karera maslahatchilarining professional kompetensiyalarini shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek, xalqaro tajriba asosida metodik qo‘llanmalar va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro tajriba almashish, kasbga yo‘naltirish sohasida metodik va amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida kasbga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish va karera maslahatchilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.