Menyu

Qishloq xo‘jaligida “yashil” yondashuvlarni rivojlantirish va “Barqaror fermer” kasbiy standartini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi

2-Sentabr, 2026-yil

Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan TexVET-II loyihasi vakillari hamda xalqaro ekspert Ekkexard Shryoder (Ekkehard Schröder) ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy va “yashil” yondashuvlarni rivojlantirish, mehnat bozori talablariga mos kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish, xususan, “Barqaror fermer” (Sustainable Farmer) kasbi bo‘yicha kasbiy standart ishlab chiqish va uni ta’lim hamda amaliyot tizimiga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida kasbiy standartlarni Germaniya tajribasi asosida ishlab chiqish va takomillashtirish, ilg‘or metodologik yondashuvlardan foydalanish hamda xalqaro tajribani O‘zbekiston milliy malaka tizimining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Germaniyaning kasbiy ta’lim va malaka tizimini rivojlantirish sohasida muhim institutsional salohiyatga ega bo‘lgan Federal kasbiy ta’lim instituti (BIBB) bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunday hamkorlik kasbiy standartlarni ishlab chiqish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni milliy amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Institut va GIZ o‘rtasida imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumi doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, “Barqaror fermer” kasbiy standarti bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Powered by GSpeech