11-Sentabr, 2026-yil
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi huzuridagi Milliy malakalarni rivojlantirish instituti mas’ul xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-345-son Qarori mazmun-mohiyati, Milliy malaka tizimini yanada rivojlantirish hamda tarmoq kengashlarining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi. Shuningdek, faoliyat yuritayotgan 24 ta tarmoq kengashining asosiy vazifalari, joriy yildagi faoliyati va ularning mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashdagi o‘rni muhokama qilindi. Seminarda mehnat bozorini prognozlashtirish, Milliy malakalar ramkasi, tarmoq malaka ramkalari, kasbiy va malaka standartlari, ta’lim dasturlari hamda malakani baholash va tan olish jarayonlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash Milliy malaka tizimining samarali faoliyat yuritishida muhim omil ekani ta’kidlandi. Tadbir doirasida “Standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish sohalarida kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashi” faoliyati ham ko‘rib chiqildi. Xususan, zamonaviy kasbiy standartlarni ishlab chiqish va takomillashtirish, ularni mehnat bozori ehtiyojlari hamda ta’lim dasturlari bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida Milliy malakalarni rivojlantirish institutining guruh rahbari M.Qurbanova va institut mutaxassisi F.Boltayev tomonidan mamlakatimizda Milliy malaka tizimini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar, mavjud institutsional tuzilma hamda istiqboldagi vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Kasbiy standartlar sifatli ta’limni tashkil etish, xodimlarning kasbiy malakasini oshirish, shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashning muhim asosi ekani qayd etildi.