22-Sentabr, 2026-yil
Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida Shveysariyaning HELVETAS Swiss Intercooperation tashkiloti tomonidan “CHEBER: Qirg‘izistonda ko‘nikmalarni rivojlantirish” loyihasi rahbari Kristian Vagner hamda O‘zbekistondagi VET4UZ loyihasi rahbari Simone Strasburger ishtirokida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda norasmiy va informal ta’lim orqali egallangan bilim, ko‘nikma va malakalarni tan olish bo‘yicha joriy etilgan mexanizmlar hamda to‘plangan amaliy tajriba yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, malakani mustaqil baholash jarayonlarini tashkil etish, amaldagi baholash mexanizmlari, malakani baholash markazlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi hamda ularga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, norasmiy va informal ta’lim natijalarini tan olish tizimini yanada takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Muloqot chog‘ida Milliy malaka tizimini rivojlantirishda xalqaro tajriba almashishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda shakllangan amaliy tajribani Qirg‘iziston bilan o‘rtoqlashish, malakalarni baholash va tan olish mexanizmlarini takomillashtirish hamda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida kasbiy malakalarni rivojlantirish, norasmiy hamda informal ta’lim natijalarini tan olish borasida tajriba almashish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.