Menyu

Xitoy–O‘zbekiston hamkorligi: kasbiy standartlar va malakalarni baholashda yangi imkoniyatlar

9-Oktabr, 2026-yil

Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida “Xitoy–O‘zbekiston sanoat va ta’lim integratsiyasi markazi” direktori o‘rinbosari janob Wei Lai hamda Markaz bosh kotibi Ran Li xonim ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.Сотрудничество Китая и Узбекистана: новые возможности в сфере профессиональных стандартов и оценки квалификаций

Muloqot davomida O‘zbekiston milliy malaka tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, mehnat bozori ehtiyojlariga mos kasbiy standartlarni ishlab chiqish va takomillashtirish, shuningdek, kasbiy ko‘nikma va malakalarni baholash tizimini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Xitoyning kasbiy ta’limni rivojlantirish, malakalarni baholash hamda sanoat va ta’lim integratsiyasini ta’minlash borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, uni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish va ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tomonlar kasbiy standartlarni ishlab chiqish jarayonida ish beruvchilar va tarmoq vakillarining ishtirokini kuchaytirish, mutaxassislar tayyorlash sifatini mehnat bozori talablariga muvofiqlashtirish hamda kasbiy malakalarni baholash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, kasbiy ta’lim pedagoglari va soha mutaxassislarining malakasini oshirish, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish, shuningdek, kasbiy ta’lim hamda malakalarni baholash sohasida qo‘shma malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirish, mavjud tajriba va ekspert salohiyatidan samarali foydalanish hamda belgilangan yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Kelgusidagi hamkorlikni o‘zaro anglashuv memorandumi asosida rasmiylashtirish va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mazkur hamkorlik milliy malaka tizimini takomillashtirish, kasbiy ta’lim sifatini oshirish hamda ta’lim mazmuni va mehnat bozori ehtiyojlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Powered by GSpeech