Menyu

UNESCO bilan hamkorlikda RPL tizimi prototipini takomillashtirish bo‘yicha ekspertlik tashrifi yakunlandi

19-Oktabr, 2026-yil

Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutida UNESCO bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida xalqaro ekspert Mishel Aribaud ishtirokidagi navbatdagi ekspertlik tashrifi yakunlandi.

Tashrif davomida ishchi guruh aʼzolari bilan birgalikda RPL (avvalgi taʼlim va amaliy tajriba natijalarini tan olish) tizimi prototipini takomillashtirish, uning tartib-taomillari va baholash mexanizmlarini milliy malaka tizimiga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, nomzodlarning kasbiy tajribasi orqali egallagan bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini baholashda portfolio, suhbat (intervyu) hamda kasbiy vaziyatda amaliy baholash (OPS) vositalaridan foydalanish, ularning o‘zaro bog‘liqligi va baholash mezonlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, transport sohasidagi “Elektrovoz mashinisti” malakasi bo‘yicha RPL prototipini tajriba-sinovdan o‘tkazishga tayyorgarlik, zarur tashkiliy va texnik shart-sharoitlarni aniqlash hamda baholash vositalarini kasbiy standart talablariga moslashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida RPL tizimini mavjud malakani baholash va sertifikatlash mexanizmlari bilan uyg‘unlashtirish, ishtirokchilarning vazifalarini aniqlashtirish hamda oktabr–noyabr oylarida amalga oshiriladigan keyingi ishlar yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
 

Powered by GSpeech