Menyu

TexVET-II loyihasi doirasida seminar tashkil etildi

25-Aprel, 2026-yil

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) “Oʻzbekiston kasbiy taʼlim tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonini qoʻllab-quvvatlash (TexVET-II)” loyihasi doirasida “Tarmoq kengashlari salohiyatini oshirish” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti, tarmoq kengashlari hamda manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Seminar davomida Institut tomonidan tarmoq kengashlarining joriy faoliyati, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan taqdimot qilinib, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha muhokamalar olib borildi.

Xalqaro ekspert Paul Comyn tomonidan kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishda tarmoq kengashlarining o‘rni va mas’uliyati, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalar yuzasidan ma’ruza taqdim etildi.

Shuningdek, TexVET-I loyihasi doirasida to‘qimachilik, tikuvchilik va charm sanoati sohalarida shakllangan tajriba, xususan, ish beruvchilarning jarayondagi faol ishtiroki muhokama markazida bo‘ldi.

Seminar doirasida ishtirokchilar kichik guruhlarda ishlab, dual ta’lim tizimi uchun kasbiy standartlar va ta’lim dasturlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tarmoq kengashlari faoliyatini operatsion rejalashtirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Tadbir yakunida tarmoq kengashlarining kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishdagi o‘rni, kelgusi ustuvor vazifalar hamda samarali hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Axborot xizmati
 

Powered by GSpeech