10-Iyul, 2026-yil
Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tomonidan xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatni rivojlantirish, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda jamoaviy hamkorlik muhitini yanada kuchaytirish maqsadida "Zakovat" intellektual o‘yini tashkil etildi.
Qiziqarli va murosasiz bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan musobaqada institut xodimlaridan iborat jamoalar ishtirok etdi. Ishtirokchilarga Milliy malaka tizimi, kasbiy standartlar, malakalarni baholash tizimi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga oid savollar bilan bir qatorda tarix, adabiyot, fan, madaniyat, sport va boshqa turli sohalarni qamrab olgan mantiqiy savollar taqdim etildi.
Uch bosqichdan iborat intellektual bellashuv davomida jamoalar o‘z bilimlari, tezkor fikrlashi, mantiqiy tahlil qilish va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini namoyon etdilar. Bellashuv yuqori raqobat va ko‘tarinki ruhda o‘tib, ishtirokchilarda kitob mutolaasiga qiziqish hamda bilim olishga bo‘lgan intilishni yanada kuchaytirdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib jamoalar hamda faol ishtirokchilar institut rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti Axborot xizmati