Menyu

Tog‘-kon sanoati va geologiya tarmog‘ida Milliy malaka tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi

1-Avgust, 2026-yil

O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti hamkorligida tarmoq kengashi a’zolari uchun ikki kunlik seminar-trening tashkil etildi.

Seminar-treningning asosiy maqsadi tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida Milliy malaka tizimini takomillashtirish, tarmoqda qo‘llaniladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish hamda soha mutaxassislarining taklif va tavsiyalarini umumlashtirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida “Tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasi” hamda “Malaka razryadini berish tartibi” bo‘yicha ishlab chiqilgan me’yoriy hujjatlar loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar mazkur hujjatlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va amaliy takliflarini bildirdilar.

Shuningdek, Milliy malaka tizimi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tizimning mazmun-mohiyati, uning mehnat bozori va iqtisodiyot tarmoqlarini malakali kadrlar bilan ta’minlashdagi o‘rni hamda ahamiyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Seminar-trening doirasida tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida Milliy malakalar klassifikatori – MMK–2025ga kiritilishi zarur bo‘lgan yangi kasblar, modernizatsiya qilinayotgan kasblar hamda bosqichma-bosqich iste’moldan chiqib borayotgan kasblar bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ishtirokchilarga malaka razryadlarini berish tartibi, baholash mezonlari va amaldagi me’yoriy talablar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi hamda ushbu jarayonlarni amaliyotga samarali joriy etish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.

Seminar-trening yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar tarmoq malakalarini takomillashtirish, me’yoriy hujjatlarni yanada mukammallashtirish hamda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida Milliy malaka tizimini xalqaro talablarga mos ravishda rivojlantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Powered by GSpeech