Menyu

Malakani baholash markazlari direktorligiga nomzodlar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi

4-Avgust, 2026-yil

Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tomonidan malakani baholash markazlari direktorligiga nomzodlar uchun malaka oshirish kurslari muvaffaqiyatli tashkil etildi. Malaka oshirish kurslarida tarmoq kengashlari tavsiyasiga asosan saralab olingan direktorlikka nomzodlar ishtirok etdi.

O‘quv dasturi malakani baholash markazlari faoliyatini samarali tashkil etish va boshqarish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni shakllantirishga qaratildi.

Uch kunlik mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga Milliy malaka tizimining me’yoriy-huquqiy asoslari, milliy va tarmoq malaka ramkalari, kasbiy standartlar, malakani baholash markazlari faoliyatini tashkil etish va boshqarish, akkreditatsiya jarayonlari, yagona raqamli platformadan foydalanish, kasbiy imtihonlarni tashkil etish hamda baholash natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar berildi.

Mashg‘ulotlar ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, keys-tahlillar va interaktiv muhokamalar shaklida tashkil etilib, tinglovchilarga malakani baholash markazlari faoliyatini amaldagi talablar va ilg‘or xalqaro yondashuvlar asosida samarali boshqarish bo‘yicha zarur kompetensiyalar shakllantirildi.

O‘quv kurslari yakunida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari yakuniy test sinovlari orqali baholandi. Baholash natijalariga ko‘ra, o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan barcha tinglovchilarga belgilangan namunadagi malaka oshirish sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur malaka oshirish kurslari malakani baholash markazlari rahbarlarining boshqaruv salohiyatini mustahkamlash, baholash jarayonlarining sifati, shaffofligi va xolisligini ta’minlash, shuningdek, Milliy malaka tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish orqali mamlakatimizda inson kapitalini yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biridir.

Powered by GSpeech