Menyu

Malakani baholash bo‘yicha ekspertlarning kasbiy salohiyati oshirilmoqda

15-Avgust, 2026-yil

Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tomonidan “Malakani baholashga jalb etiladigan ekspertlar” yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Besh kun davom etgan o‘quv kursining asosiy maqsadi malakani baholash jarayonlariga jalb etiladigan ekspertlarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda baholash jarayonlarini belgilangan talablar asosida samarali tashkil etish bo‘yicha kasbiy kompetensiyalarini takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilarga Milliy malaka tizimi, malakani baholashning normativ-huquqiy asoslari, tarmoq malaka ramkalari va kasbiy standartlar bo‘yicha zarur nazariy bilimlar berildi.
Shuningdek, kurs doirasida baholash vositalari va mezonlarini ishlab chiqish, kasbiy imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish, baholash natijalarini rasmiylashtirish, apellyatsiya jarayonlarini tashkil etish, shuningdek, ekspert faoliyatida professional etika va risklarni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulotlar davomida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan yondashuvlar qo‘llanilib, ishtirokchilarning malakani baholash jarayonlarida xolislik, shaffoflik va kasbiy mas’uliyat tamoyillariga rioya etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Kurs yakunida ishtirokchilarning o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalari yakuniy test sinovlari orqali baholandi. Belgilangan talablarni muvaffaqiyatli bajargan ishtirokchilarga malaka oshirish sertifikatlari topshirildi.
Mazkur malaka oshirish kursi malakani baholash jarayonlariga jalb etiladigan ekspertlarning kasbiy salohiyatini oshirish, baholash jarayonlarining sifati, xolisligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, Milliy malaka tizimida kompetensiyalarni samarali baholash mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Powered by GSpeech